Markaziy bankda o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Humo” va “UZCARD” integratsiyalashuvi jarayoni bo‘yicha regulyator raisi Mamarizo Nurmuratov izoh berdi. Bu haqda “Spot” muxbiri xabar bermoqda.

“Biz bu borada ishlarni boshlagan edik, lekin “UZCARD” xususiy korxona bo‘lganligi uchun ma’lum jihatdan qiyinchiliklar bo‘ldi. Hozir biz kelishuvga erishdik va ishlarni boshladik, — dedi Mamarizo Nurmuratov .

Xususan, birinchi bosqichda may oyigacha bankomatlarni integratsiyalash bo‘yicha texnologik jarayon boshlangan. Ikkinchi bosqichda terminallarni integratsiya qilish rejalashtirilgan.

“To‘g‘ri, bu [jarayon] cho‘zilib ketdi. Markaziy bank sifatida bu operatsiyalardan tijoriy talablarimiz yo‘q. Agar biz komissiyasiz ba’zi operatsiyalarni amalga oshirsak, unda „UZCARD“ — komissiya bilan. Ma’lum bir operatsiyalarni komissiyalarsiz amalga oshirish uchun kelishuv kerak bo‘ldi va bugungi kunda bunga erishdik”, — deya qo‘shimcha qildi Markaziy bank raisi.

Qayd etilishicha, bu bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlanib, joriy yilning may oyida birinchi bosqich yakunlanishi kutilmoqda.

“Humo” hamda “UZCARD” kompaniyalarining integratsiyalashuvi 2020-yilda rejalashtirilgandi. 2021-yilga kelib tomonlar bu bo‘yicha memorandumni imzoladilar.

2021-yilning dekabriga kelib, tomonlar integratsiyalashuvning birinchi bosqichini yakunladi hamda to‘lov tizimi terminallari bir-birining kartalarini qabul qilishni boshlashi haqida ma’lum qilindi.

Bunda to‘lov tizimlari terminallari ikkala turdagi kartalarni ham qabul qila boshlashi nazarda tutilgandi.


Avvalroq, “Uzcard” kontaktsiz to‘lovlar uchun yangi “Uzcard Pay” ilovasini taqdim etgandi.