Markaziy bank Boshqaruvi asosiy stavkani yillik 15% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
26-yanvar kuni Markaziy Bankda asosiy stavkani ko‘rib chiqish qarori yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda regulyator raisi Mamarizo Nurmuratov asosiy stavka darajasi, kutilayotgan yillik inflyatsiya darajasi haqida ma’lumot berdi. Bu haqda “Spot” muxbiri xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha real YaIMning o‘sishi Markaziy bank oktabr oyida taqdim qilgan prognozlariga yaqin, 5,7% darajasida shakllangan.
Natijaga erishishda sanoat ishlab chiqarish hajmlarining 5,2%ga oshishi, qishloq xo‘jaligidagi iqtisodiy o‘sish 3,6%ni tashkil qilganligi, qurilish sohasida 6,6% va xizmatlar hajmining qariyb 16%ga o‘sganligi ma’lum jihatdan o‘zini o‘rniga ega bo‘lgan.
“O‘tgan yili biz yillik inflyatsiyani 8−9%gacha pasayishini kutgandik, lekin yuzaga kelgan geosiyosiy vaziyat va uning tovar hamda mahsulotlar ta’minoti zanjirlariga ta’siri va buning oqibatida jahon bozoridagi asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, homashyolar va energiya resurslari narxining yuqori sur’atlarda o‘sishi inflyatsiya darajasi biz kutganimizdan ma’lum jihatdan yuqori darajada shakllandi va yillik 12,3%ga teng bo‘ldi”, — deydi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov.
Uning aytishicha, so‘nggi yarim yillikda bazaviy inflyatsiyada ham sezilarli o‘sish tendensiyasi kuzatilib, bu o‘sish o‘tgan yil yakunida 13,8% darajasiga yetgan.
Bazaviy inflyatsiya darajasining yuqori bo‘lishi, iqtisodiyotda shakllanayotgan inflyatsion jarayonlarning keng qamrovli va uzoq muddatli xarakterga ega bo‘lib borayotganligini bildiradi.
Bu o‘z-o‘zidan bizdan monetar operatsiyalarimizda va monetar siyosatimizda ma’lum bir to‘g‘rilashlarni kiritishimizni taqozo etadi, deya ta’kidladi Markaziy bank raisi.
Oxirgi uch oy ichida Markaziy bank taqdim etayotgan aholining inflyatsion kutilmalarida ham ma’lum jihatdan o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda.
Dekabr oyi natijalari bo‘yicha aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari natijasiga ko‘ra, aholining inflyatsion kutilmalari kelgusi 12 oy ichida 15,5%, tadbirkorlarniki esa 14,7% darajasini tashkil etmoqda.
Bu esa o‘z navbatida hukumat va Markaziy bankdan 2023-yil davomida ham inflyatsiya bo‘yicha yanada tasirchan choralarni ko‘rishni taqozo etadi.
“2023-yilgi prognozlarimizga ko‘ra, joriy yilda inflyatsiya yillik 8,5−9,5%ni tashkil etishi kutilmoqda”, — dedi Nurmuratov.
Bu natijaga erishish uchun esa qat’iy pul-kredit siyosatini olib borishimiz kerak bo‘ladi. Chunki geosiyosiy xatarlar hali saqlanib turibdi, deya qo‘shimcha qildi u.
Jahon iqtisodiyotidagi global o‘sishning pasayish prognozi ham xohlaymizmi yo‘qmi bizga ta’sir qiladi. Ishlab chiqarish, iqtisodiy o’sish pasaydi degani ma’lum jihatdan narxlarning oshishiga, inflyatsiyaga ta’sir qiladi.
Maqsadimiz iqtisodiy barqarorlikni saqlab holgan holda, maksimal darajada monetar va nomonetar omillarni ta’sirini kamaytirib borib, inflyatsiyani pasaytirishga erishish hisoblanadi.
2023-yilda tashqi inflyatsion omillar va valyuta almashinuv kursining nisbatan barqarorligini kutyapmiz. Va bu o‘z navbatida inflyatsiyani pasaytiruvchi omillardan biri bo‘lib hisoblanadi.
Joriy yilning birinchi choragida YaIMning o‘sishi ma’lum darajada sekinalashishi ehtimoli shakllangan bo‘lsada, joriy yil yakunida ko‘rsatkich 4,5−5% darajasida o‘sishi kutilmoqda.