2022-yil yakunlari bo‘yicha bank tizimi sof foydasi 10 trln so‘mni tashkil etib, 2021-yilga nisbatan 2,6 barobarga yoki 6,1 trln so‘mga o‘sgan. Bu haqda Markaziy bankning Bank tizimi daromadliligi tahlilida ma’lum qilindi.

Bunda, o‘sish darajasiga sof foizli (7,6 trln so‘m) va foizsiz daromadlar (9,1 trln so‘m) ijobiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, operatsion xarajatlar (3,9 trln so‘m), soliq to‘lovlari (1,1 trln so‘m) va ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralar (5,5 trln so‘m) salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

bank tizimi, sof foyda

Foizli daromadlar 48,6 trln so‘mni tashkil etib, uning tarkibida boshqa banklarga joylashtirilgan mablag‘lardan olingan daromadlar 2,1 trln so‘mga (2,6 barobarga) ko‘paygan.

Qimmatli qog‘ozlardan olingan daromadlar 1,6 trln so‘mga (2,2 barobar), kreditlar va mijozlar majburiyatlaridan olingan daromadlar esa 10 trln so‘mga (31,5%ga) oshgan.

Kredit va lizing operatsiyalari bo‘yicha olingan foizli daromadlarning umumiy foizli daromadlardagi ulushi 2019−2022 yillarda kamayish tendenditsiyasiga ega bo‘lib, 96%dan 87%ga tushgan.

Bu jarayon, banklar aktivlari tarkibida sezilarli diversifikatsiya, xususan banklarga joylashtirilgan mablag‘lar ulushining 7% bandga oshib, 16%ga yetganligi, qimmatli qog‘ozlarga qilingan investitsiyalar ulushining 4% bandga o‘sib, 5%ni tashkil etganligi bilan izohlanadi.

bank tizimi, sof foyda

2019−2022 yillarda banklar biznes faoliyatida chakana biznes yo‘nalishi sezilarli faollashganligi, shuningdek bank bozorida biznes modeli asosan chakana xizmatlariga yo‘naltirilgan banklar ko‘payganligi natijasida jismoniy shaxslar kreditlarining umumiy kredit portfelidagi ulushi bugungi kunda 7% bandga oshib, 26%ga yetgan.

Ushbu amaliyotdan olingan daromadlarning jami foizli daromadlardagi ulushi 19%dan 34%gacha o‘sganligi kuzatilmoqda.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston banklari 2022-yilning 9 oyda qancha foyda ko‘rganligi haqida yozgandi.