Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

“Spot” yig‘ilishdan muhim tafsilotlarni, davlat rahbari belgilab bergan vazifalarni bir joyga jamladi.


2 mln doimiy ish o‘rinlari yaratiladi

Xususan, 2023-yilda 5 mln nafar aholi bandligini ta’minlash, 2 mln doimiy ish o‘rinlarini yaratish zarurligi qayd etildi.

Andijon viloyati joriy yilda quyidagicha ish o‘rinlari yaratishni reja qilgan:

  • investitsiya loyihalari hisobiga 40 mingta;
  • paxta va g‘alladan bo‘shagan yerlarni aholiga bo‘lib berish hisobiga 75 mingta;
  • mavsumiy ishlar orqali 200 mingta;
  • mahallalarda mikromarkazlar tashkil etish, sanoat zonalarida ishlab chiqarishni kengaytirish va markaziy ko‘chalarni xizmatlarga ixtisoslashtirish, savdo-servis obyektlarini barpo etish hisobidan 135 mingta;
  • oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar hisobidan 20 mingta.

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida quyidagi ishlar belgilangan:

  • kartoshkachilikni yo‘lga qo‘yish orqali 10 ming;
  • bog‘larning sug‘orish tizimini tiklash hisobiga 2 ming;
  • Ko‘kdalada tarvuz ekishni yo‘lga qo‘yish orqali 32 ming;
  • Mirishkorda dala chetlariga tut ektirish hisobiga pillachilikda qo‘shimcha 6 ming aholini daromadli qilish.

“Qolgan viloyatlar-chi? Bu borada hududlarning dasturlari bilan birma-bir tanishib chiqdim. Ochiq aytish kerak, ayrim viloyat, tuman va shahar hokimlari masalaning ichiga kirmagan”, — dedi prezident.


Xitoydan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ekspertlar jalb qilinadi

Navoiy, Buxoro, Namangan, Qo‘qon, Ohangaron va Chirchiq shaharlari, Zafarobod, Arnasoy, Vobkent, Shofirkon, Kogon, G‘ijduvon, Romitan tumanlarining bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha rejalari puxta ishlab chiqilmagani, ularda mavjud barcha imkoniyat va zaxiralar hisobga olinmagani tanqid qilindi.

Shu bilan birga, kambag‘allik ko‘rsatkichlari respublika bo‘yicha yaxshilangan bir paytda, Navoiy, Surxondaryo va Farg‘onada o‘zgarish sezilmayotgani ta’kidlandi.

Prezident kambag‘allikni qisqartirishning eng asosiy mexanizmi — aholini daromadli ish bilan ta’minlash ekanini qayd etdi.

Shu bois, ma’muriy islohotlar doirasida kambag‘allikni qisqartirishga mas’ul 5 ta idora yaxlit tizimga aylantirildi.

Endilikda mehnat resurslari va ishsizlik hisobini yuritish ham, bandlikka ko‘maklashish va tadbirkorlikni mahallabay rivojlantirish ham bitta — Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida bo‘ladi.

Bundan tashqari, yangi vazirlikka Xitoydan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha katta tajribaga ega ekspertlar jalb qilinmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga ushbu ekspertlar bilan birga barcha viloyatlarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amaliy ishlarni tashkil qilish, viloyat hokimlari bilan birga 2023-yil uchun bandlik dasturini tumanlar kesimida qaytadan ko‘rib chiqib, tasdiqlash topshirildi.


Oilaviy tadbirkorlik dasturiga 12 trln so‘m beriladi

Prezident oilaviy tadbirkorlikni yanada rag‘batlantirish maqsadida moliyaviy ko‘mak ko‘lami kengaytirilishini ta’kidladi.

2023-yilda tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish uchun kredit miqdori amaldagi 225 mln so‘mdan 300 mln so‘mgacha, Dehqon xo‘jaliklariga garovsiz kredit miqdori 50 mln so‘mgacha oshiriladi (amalda 33 mln so‘m).

Avval oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit olib, yaxshi natija ko‘rsatgan tadbirkorlar ushbu dasturlar doirasida yana imtiyozli kreditlar olishi mumkin bo‘ladi (hozir faqat bir marta olish mumkin).

Shuningdek, kreditlarning bir qismini plastik kartaga olishga ruxsat beriladi.

Joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturiga 12 trln so‘m beriladi. Prezident imzolagan qarorga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlikka qo‘shimcha $300 mln ajratiladi.


Sharoiti og‘ir mahallalardan 50 ming aholining bandligi ta’minlanadi

Yig‘ilishda ilgari ajratilgan kreditlarning qaytarilishi masalasiga to‘xtaldi.

“Hokimlar bu mablag‘larni qaytarishni o‘ylamasa, oilaviy tadbirkorlik qayerdan bo‘ladi? Axir bu pullar qaytsa, yana tumanning o‘ziga beriladi-ku!”, — dedi Prezident.

Mutasaddilarga ushbu masalani qat’iy nazoratga olish topshirildi. Shuningdek, bandlik vaziriga yangi vazirlikka budjetdan ajratilgan 1,5 trln so‘mni avvalo eng og‘ir mahallalarda kambag‘allikni qisqartirishga yo‘naltirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Bosh vazir o‘rinbosariga, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga viloyat hokimliklari bilan birga jalb qilingan $135 mln.lik kredit liniyasi bo‘yicha og‘ir mahallalar kesimida tadbirkorlik loyihalari paketini shakllantirib, ushbu mahallalarda kamida 50 ming aholini band qilish vazifasi qo‘yildi.


Bo‘sh qolgan yerlarda eksportbop-bozorbop mahsulotlar yetishtiriladi

Qayd etilishicha, ikki yil ichida aholiga beriladigan yerlar 200 ming gektardan oshadi. Bu — Samarqand viloyatining jami paxta va g‘alla yeridan ko‘p maydon.

Lekin, bu yil ajratilishi kerak bo‘lgan yerlarni ko‘pi hali zaxiraga olinmagan, ishlar pala-partish tashkil qilinayapti. Mahallaning ichidagi kichik-kichik qulay maydonlar qolib, dalaning o‘rtasidagi katta yerlarni ajratish holatlari ham bor.

Shu sabab mutasaddilarga har bir mahallaga “usta dehqonlar"ni jalb qilib, ushbu yer maydonlarida faqat eksportbop-bozorbop mahsulotlar yetishtirilishiga e’tibor qaratish topshirig‘i berildi.

Shuningdek, har bir tuman agrologistika markazlari va eksportyorlar bilan shartnomalar tuzilishi ta’minlanadi.

Bu yerlardan samarali foydalanib, kamida $1 mlrd.lik mahsulot ishlab chiqarish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.


“Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” yagona tizimga birlashtiriladi

Yangi tizimga ko‘ra, tumanlar alohida toifalarga ajratildi. Yig‘ilishda 4 va 5-toifalarga kirgan og‘ir tumanlar hokimlari o‘z ish uslublari va yondashuvlarini o‘zgartirishi shartligi qayd etildi.

Masalan, Surxondaryoning barcha tumanlariga respublikadan tajribali kadrlar hokim qilib qo‘yildi.

Shu bilan birga, ushbu tumanlarda kambag‘allikni qisqartirish ishlari ham yangicha tashkil qilinadi.

Bunda, birinchi bosqichda “temir daftar”, “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” yagona tizimga birlashtirilib, har bir oilaning yagona raqamli pasporti ishlab chiqiladi.

Ikkinchi bosqichda har bir oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha individual dasturlar tuziladi hamda uchinchi bosqichda oila uchun kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik loyihasi amalga oshiriladi.


Tadbirkorlik faoliyati past tumanlar uchun tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi ishlab chiqiladi

Prezident tadbirkorlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha yangi yondashuvlarni joriy qilish zarurligini qayd etdi.

Masalan, o‘tgan yili Buxoroda — 8 ta, Namangan, Surxondaryo va Sirdaryoda — 2 tadan, Toshkent viloyatida — 1 ta tumanda yangi tashkil etilgan tadbirkorlar soni 2021-yilga nisbatan 30−40%ga kamaygan.

Eng og‘ir ahvol Andijon, Termiz va Kogon shaharlari, Jalaquduq, Marhamat, Olot, Qorako‘l, Shofirkon, Mingbuloq va Qibray tumanlarida ekanini qayd etib, prezident ushbu hududlar hokimlarining bu boradagi faoliyati qoniqarsizligini ko‘rsatib o‘tdi.

Mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birga ikki hafta muddatda ushbu tumanlarga borib, mavjud sharoitlarni o‘rganib, ularning har biri bo‘yicha tadbirkorlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi.


2023-yilda yana 1 mln aholi kambag‘allikdan chiqariladi

Mahalladagi ishsiz aholini daromadli qilish maqsadida 1 mingta mahallaga xizmat ko‘rsatuvchi 300 ta mikromarkaz
tashkil etish dasturi boshlangan.

Davlat rahbari 1-aprelga qadar har bir viloyatda kamida 5 tadan mikromarkazni ishga tushirish zarurligini ta’kidladi.

Joriy yilda G‘ijduvon, Buloqboshi, Zangiota, Farg‘ona tumanlari, Qo‘qon, Marg‘ilon, Urganch shaharlarida kamida 20 tadan shunday markazlarni tashkil qilish topshirildi.

Umuman, 2023-yilda yana 1 mln aholini kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qo‘yildi.


Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektorda muhim topshiriq va vazifalarni bergandi.