Markaziy bank joriy yilning 1-yanvar holatiga tijorat banklarining muammoli kreditlari (NPL) to‘g‘risida statistikani e’lon qildi.
Xususan, 2022-yilda muammoli kreditlar hajmi 13,9 trln so‘mni, ya’ni jami kreditlar (390 trln so‘m) ga nisbatan 3,6%ni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich dekabr holatiga (15,3 trln so‘m) nisbatan bir oyda 1,4 trln so‘mga kamaygan.
Shundan 12,6 trln so‘mi davlat ulushi mavjud banklarga, qolgan 1,3 trln so‘mi esa xususiy banklar hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘tgan yilda davlat ulushi mavjud banklarning jami kreditlar ulushi hisobida eng muammoli kreditlar “O‘zagroeksportbank"da saqlanib qoldi.
Mazkur bankning kredit portfeli jami 6,2 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, muammoli kreditlar ulushi 6 mlrd so‘m yoki 96,3%ga yetgan. Natijada bank 11 oylik ko‘rsatkichni saqlab qoldi.
Undan keyingi o‘rinda 21,6 trln so‘mlik kredit portfeliga ega “Xalq banki” turibdi. Bank muammoli kreditlari 11,9% ya’ni 2,5 trln so‘mni tashkil etgan hamda bir oyda qariyb yarim trln so‘mga kamaygan.
Xususiy banklardan esa muammoli kreditlari bilan “Ravnaq bank” yetakchilik qilmoqda. Bankning jami kredit portfeliga (341 mlrd so‘m) nisbatan muammoli kreditlari hajmi 244 mlrd so‘mni tashkil etib bir oyda 9 mlrd so‘mga kamaygan.
Shuningdek, “Madad Invest bank"ning muammoli kreditlari hajmi 34 mlrd so‘mni tashkil etib, bir oyda 3 mlrd so‘mga oshgan. Shu bilan, bankning muammoli kreditlari jami kreditlarga nisbatan 19%ni egalladi.
Avvalroq, “Spot” Oʻzbekiston banklaridagi avtokreditlar boʻyicha ma’lumotlarni bir joyga to‘plagandi.