Sevinch Najmitdinova — 24 yoshda. U 2021-yili Toshkent xalqaro Westminster universitetining BSc (Hons) “Business Information Systems” yo‘nalishini tamomlagan.

Hozirda “Alif Tech” kompaniyasining Toshkentdagi filialida IT Project Manager bo‘lib faoliyat yuritadi.

Sevinch Najmitdinova “Spot"ga IT’ga qanday kirib kelgani, soha mutaxassisi bolishni istaganlar nega faqat bitta yo‘nalishni tanlashi kerakligi hamda ish haqidan tashqari qanday bonuslarga ega bo‘lish mumkinligi haqida so‘zlab berdi.


HTML, CSS dasturlash tillarini mustaqil o‘rganganman

Toshkent Iqtisodiyot kollejini tamomlagach bank sohasida amaliyot o‘tadim va shunda har kuni bir xil qilinadigan ish to‘g‘ri kelmasligini tushunib yetdim: menga yangilik, innovatsiya, doimo oldinga intilish kerak edi. Shu sabab IT-sohasini tanladim.

Avvaliga IT’ni internet orqali mustaqil o‘rgandim — HTML, CSS dasturlash tillari bo‘yicha o‘qib, konspektlar yozardim. Lekin oxirigacha tushunmas, ya’ni nima yozayotganimni va uni amalda qanday qo‘llashni bilmasdim.

Universitetning 1-kurs 2-semestrida IT-sohasi bo‘yicha “module” tanladim. Va ustozimiz bizlarga aynan veb-sayt yaratishni o‘rgatganlar. O‘shanda birinchi marta yuqorida ta’kidlaganim — HTML, CSS dasturlash tillarini ishlatishga muvaffaq bo‘ldim.

Asta-sekin “Markup Language” (HTML, CSS) va “Javascript"da veb-sayt yarata boshladim va shu-shu IT-mahsulotlarini yaratishga qiziqishim orta boshladi.

Talabalik davrimda o‘quv markazida “Java” dasturlash tili va “Mobile Development” bo‘yicha bir yarim yil mobaynida tahsil olish natijasida ko‘proq dasturlash emas, biznes va IT’da band bo‘lish qiziqroq tuyuldi. Shu bilan, “IT Project Manager” bo‘lishga qaror qildim.

Undan keyin ko‘nikmalarimni oshirish maqsadida “Coursera” platformasida “Google Project Management Professional Certificate” dasturini o‘rgandim, “IT PM Hard Skills” bo‘yicha kurslarni tamomladim. Hozirda o‘rganganlarimni loyihalarda qo‘llab kelmoqdaman.

it-girl, project manager, sevinch najmitdinova

Foto: Sevinch Najmitdinovaning shaxsiy arxividan

$1000dan $3000gacha oylik daromad

Universitetni tamomlagach “Headhunter” va “LinkedIn"larda CV joyladim. Ko‘p o‘tmay “Alif Tech” kompaniyasi (Angliyada registratsiyadan o‘tgan, bosh ofisi Tojikistonda joylashgan. Toshkentda filiali mavjud) dan “Sizning CV’ingizni ko‘rdik, suhbatga kelasizmi?” degan mazmunda ishga taklif olganman.

Ikkita suhbat bo‘ldi. Birinchisi onlayn tarzda Tojikistondagi Project Manager bilan, ikkinchisi esa “Alif Tech” rahbari bilan o‘tkazilgan.

Menga kompaniyadagi tashkiliy muhit, mahsulotlar va albatta taklif yoqqan. Shu bilan mazkur kompaniyadagi faoliyatim boshlangan.

Mehnat bozoriga nazar soladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda karyerasini endi boshlayotganlar $300 dan, ikki yillik tajribaga ega mutaxassislar esa $1000 dan $3000 gacha oylik daromad olishmoqda.

IT-mutaxassislarda daromad kanali bitta emas, balki bir nechta bo‘ladi. Masalan, yollanma ishchi bo‘lib kompaniyalarda ishlash, undan tashqari kurslarda dars berish va startap loyihalariga ega bo‘lish mumkin. Umuman, kompaniyada ishlayotgan bo‘lsangiz aksiyalar va opsionlar ham bo‘ladi.

O‘zimni yo‘nalishimga kelsak, soham — IT PM. Ya’ni bu sohada IT-mahsulotlarini boshqarasiz. Men faoliyat yuritayotgan kompaniyada uchta mahsulotimiz bor: “Alif mobi”, “Alif shop” hamda “Alif Nasiya”. Xususan, “Alif Nasiya"dagi ikkita loyihani boshqarganman.

IT-Product Managerning asosiy vazifasi loyihalarning to‘xtovsiz yaxshi ishlashi va foydalanuvchilar uchun qulay sharoitlarni yaratishdan hamda nazorat qilishdan iborat.

Jamoamiz to‘rt kishidan tashkil topgan: uchta “backend” va bitta “frontend” developer. Shuningdek, dizaynerlar ham bor, topshiriqlarni olgandan keyin ularni bo‘lib berish menga yuklatilgan. Bunda jamoamiz bilan loyihani muhokama qilamiz, imkoniyatlar bormi, resurslar yetarlimi va loyihani ishlab chiqishga qancha vaqtda ulguramiz — barchasi ko‘rib chiqiladi.

Ya’ni Product Manager uchta narsaga javob beradi — bu vaqt, qamrov va pul. Jamoamiz bilan muhokamalardan keyin “stakeholder"larga loyihani qancha muddatda yetkazib bera olishimizni aytamiz.

Dizayn chizilgach bu yog‘iga loyihani rivojlantirish jarayoni kechadi. Ya’ni “frontend” tartibga soladi, “backend” logika yozadi, testlovchi esa test qiladi. Shunday qilib, berilgan topshiriqni bizlar “production"ga chiqaramiz.

it-girl, project manager, sevinch najmitdinova

Foto: Sevinch Najmitdinovaning shaxsiy arxividan

Insonlarning qo‘lida raqamli hunari bo‘lgani ma’qul

IT-sohasida qizlar va o‘g‘il bolalarni ajratish noto‘g‘riroq, chunki o‘zingizni sohangizni yaxshi ko‘rsangiz, mehringiz bo‘lsa va bu sohani mutaxassisi bo‘lsangiz yaxshi daromad topa olasiz.

Biroq bu yo‘nalishda qizlarning ishlashi qiyin degan tasavvurga qaysidir ma’noda qo‘shila olaman, ya’ni bunga ikkita sabab bor. Birinchisi, IT-yo‘nalishi umuman tez o‘zgaradi — bilimlaringizni yangilab borish kerak. Qizlar oila bilan bo‘lib bunga yetarli vaqt ajrata olmasliklari mumkin.

Ikkinchisi — ish vaqti. Ko‘plab loyihalardagi yangilanishlarni ish vaqtida chiqara olmaymiz, chunki bu paytda foydalanuvchilar dasturdan foydalanayotgan bo‘lishi va ularga noqulaylik tug‘dirishi mumkin.

Tungi joylashtiruv degan narsa bor, masalan ish vaqti ertalabki 09:00 dan kechki 18:00 gacha bo‘lsa, ishdan keyin qolib yoki uydan onlayn bo‘lib ham kechasi soat 11 gacha, ba’zan shunaqa vaqtlar bo‘lgan, tungi soat 2 gacha ham yangilanishlarni chiqarganmiz.

Mana shu jihati bilan qiz bolaga biroz qiyinroq bo‘lishi mumkin. Qizlarning IT-sohasidagi rolini oshirish uchun juda ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda. Ularning bu sohadagi ta’limi uchun ham turli grantlar taqdim etilyapti.

Nima bo‘lganda ham insonlarni qo‘lida raqamli hunari bo‘lgani ma’qul, masalan, frilanserlikni o‘rganib, faoliyat yuritsada bo‘ladi. O‘rganganlarini qanday ishlatish insonni o‘ziga bog‘liq.

IT-mutaxassis bo‘lishni istagan odam aniq bitta yo‘nalishni tanlab o‘rganishi kerak

“Instagram"da sahifamni yurita boshlagach, o‘zimga yoqadigan qiziqarli kontentlar qila boshladim va IT bo‘yicha menga jo‘natiladigan savollar ham ortdi. Ayrim savollarni ko‘rib, ko‘nglim tushib ketardi. Kulishni ham, xafa bo‘lishni ham bilmasdim ba’zan.

Ularda asosan, “Aytishnikmisiz?”, “Instagram „vzlom“ qilib bering” yoki “uni o‘rgating, buni o‘rgating, montaj qilib bering” degan savollar bo‘lardi. Demakki, ko‘pchilikning IT-bo‘yicha tushunchasi sayoz, va bu meni biroz xafa qilgan.

Bundan tashqari, “Qaysi yo‘nalishni tanlay? ITga qiziqyapman, nimadan boshlay?” degan mazmunda ko‘pchilik maslahat so‘rab yozadi.

Menimcha 100 ga yaqin odamlarga shu kabi savollar bo‘yicha maslahatlarimni berganman. Va “to‘rt yillik nazariyam, ikki yillik amaliyotim bor, shundan kelib chiqib, o‘rganganlarimni bo‘lisha olaman-ku. Bitta onlayn kurs qilaman va odamlar shundan o‘rganib, tushunchaga ega bo‘lishsin” deya xulosa qilganman.

Har qanday ta’lim markazlariga bog‘lanib, IT-kurslarga qiziqish bildirsangiz, sizga umuman tushunarsiz bo‘lgan tilda gapirishadi. Xuddi boshqa bir tilda gapirayotganday. Ya’ni siz o‘quv markazlariga borganingizda aniq bitta yo‘nalishni tanlab o‘rganishingiz kerak.

Lekin bu yo‘nalishning rostdan ham sizga kerakligi yoki keraksizligini bilmaysiz. Masalan, men ham bir yarim yil o‘qib keyin aynan IT-sohasi qiziq lekin qaysidir yo‘nalishi menga to‘g‘ri kelmasligini anglaganman. Masalan, bu bir-biriga qarama qarshilik, mening xarakterim, ishdan olmoqchi bo‘lgan emotsiyalarimga bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Keyin menga g‘oya kelgan, bir kuni uyga qaytayotganimda “taksi"da noutbukimni yoqdim-da, men tashkil etishni istagan kursimning darajasini yoza boshladim.

Kursim aynan IT bo‘yicha va uning nima uchun muhimligi, yo‘nalishlari va qanday texnologiyalar ishlatilishi haqida bo‘lishini istaganman. Dastlab soha bo‘yicha bazaviy ma’lumotlar va ko‘nikma berish uchun “FUTURE — IT Career Path” onlayn o‘quv kursni tashkil etganman.

Bu sohada ko‘p muammo bor, ya’ni kimlardir o‘zi mustaqil o‘rganadi yana kimlardir kurslar orqali. Va aynan qiyin tarafi ular o‘zlariga munosib ish topa olishmaydi va qiynalishadi.

Kelajakdagi qiziqishlarim juda ham katta va bunga sekin-sekin qadam qo‘yyapman. Akademiya ochish va uni kengaytirish, shu orqali mamlakatimizda ta’lim sohasiga hissa qo‘shishni xohlayman.

Shuningdek, ITni fundamental o‘rgatadigan bepul kurslarni tashkil etishni va ustoz-ekspertlarni jalb qilishni, qolaversa, magistraturani sun’iy intellekt yo‘nalishi bo‘yicha o‘rganishni maqsad qilganman.

it-girl, project manager, sevinch najmitdinova

Foto: Sevinch Najmitdinovaning shaxsiy arxividan

Dasturchi bo‘lish uchun nima qilish kerak

Dasturchi bo‘lishni xohlagan va nimadan boshlashni bilmayotganlar, nima yaratmoqchi — shuni o‘ylab ko‘rishlari kerak deb o‘ylayman.

Veb-sayt, mobil ilova yoki o‘yinlar, shuningdek, bazalar, arxitekturalar bilan ishlab, programmaga logika yozishni xohlashsa “backend” o‘rganganlari yaxshi — “Python”, “Golang”, “Javascript”, “Java”.

Agarda foydalanuvchilarga yaqin bo‘lib veb-ilova va sayt interfeysi ustida ishlashni xohlashsa “Javascript”, “Typescript”, “React”, “Angular”, “Vue” kabilarni o‘rganishdan boshlashni maslahat beraman.

Shuningdek, telefonlarga dasturlar yaratishni xohlovchilar “Java”, “Kotlin” (android uchun), “Swift” (iOS), o‘yinlar uchun C++, C# larni o‘rganishlarini tavsiya qilaman.

Umuman, o‘zlarini sinab ko‘rish uchun QA ya’ni testlovchilikdan boshlashlari mumkin, hattoki manual testlovchilarga ham talab ko‘p — dasturlarni qo‘lda qarab test qilib berishadi. Shunda IT-kompaniya atmosferasida bo‘lib, qaysi yo‘nalishga tabiati yaqinroq ekanliklarini topishlari osonroq kechadi.


Avvalroq, “Spot” Irlandiyadagi “Workday” kompaniyasi dasturchisi Muhayyo Tashpulatova hikoyasini taqdim etgandi.