“UzAuto Motors” bir nechta modellar uchun shartnomalarni qayta tikladi, deya xabar bermoqda “UzA”. Hozirda “Malibu”, “Equinox”, “Traverse”, “Tahoe” hamda “Tracker” avtomobillariga buyurtma berish mumkin.
QQSning pasayishi hisobiga “Malibu"ni 10 mln so‘m arzonroqqa sotib olish mumkin. Ya’ni 31-martgacha yetkazib berilishi qayd etilgan mazkur avtomobilning hozirgi narxi 395 311 840 so‘mni tashkil etadi.
Xususan, “Tracker” avtomobili 2,1−2,6 mln so‘mga qimmatlashgan:
- “Tracker Turbo” 1.2 LS AT — 211 454 880 so‘m (31.08.2023);
- “Tracker Turbo” 1.2 LTZ AT — 231 196 000 so‘m (30.06.2023);
- “Tracker Premiyer” 2023 AT — 251 142 080 so‘m (31.07.2023).
Shuningdek, “Equinox”, “Traverse” va “Tahoe” 5%ga qimmatlashgan:
- “Equinox” 1LT — 441 000 000 so‘m (30.06.2023);
- “Equinox” 3LT — 472 500 000 so‘m (31.05.2023);
- “Traverse” — 734 530 720 so‘m (30.06.2023)
- “Tahoe” — 1 109 274 880 so‘m (31.07.2023).
Avvalroq, “UzAuto Motors” kompaniyasi 2024-yilda O‘zbekistonda 2008-yildan buyon ishlab chiqarilayotgan “Gentra-Lacetti” avtomobillarini ishlab chiqarishni yakunlashi ma’lum qilingandi.
Shu bilan birga, “Cobalt"ning yangi avlodini ishlab chiqarish orqali hozirgisini almashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2022-yilning oxiriga borib, kompaniya “Spark” va “Nexia” ishlab chiqarishni to‘xtatishi aytilgandi.
Dekabr oyida UzAuto Motors" “Cobalt” va “Lacetti” avtmobillarini xarid qilish uchun shartnomalar berishni to‘xtatdi. Oradan ko‘p o‘tmay esa “Damas” va “Labo” uchun buyurtma olishni to‘xtatdi.
Joriy yilning 4-yanvar kuni kompaniya texnik ishlar — dasturiy ta’minot yangilanishi va inventarizatsiya tufayli buyurtmalar qabul qilish, oldindan to‘lovlar va avtomobillarni chiqarish to‘xtatilganini e’lon qildi. 9-yanvar kuni esa shartnoma tuzish va avtomobilni chiqarish bo‘yicha mazkur muddat yana uzaytirildi.
17-yanvarga kelib, “UzAuto Motors” avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha avtomobillar berishni tikladi hamda QQSni kamaytirish orqali avtomobillar narxini ham pasaytirishni e’lon qildi.