26-yanvardan Farg‘ona-Quvasoy-Qizil-qiya xalqaro yo‘nalishida Farg‘onadan Qirg‘izistonga mikroavtobus qatnovi qayta tiklandi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2020-yilgacha mavjud bo‘lgan mazkur qatnov, pandemiya davri cheklovlarida to‘xtab qolgandi.

Qirg‘iziston tomonidan “Qizil-qiya PATP”, O‘zbekiston tomonidan esa “Dayewoo Trans Servis” xizmat ko‘rsatuvchi yo‘nalish umumiy masofasi 39,5 km.ni, yo‘lkira narxi esa 12 ming so‘mni tashkil etadi.

Mikroavtobuslarning harakati Qizil-qiya va Farg‘onadan tongi soat 7:20 da boshlanadi.

“Kelgusida aholi talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda qatnovlarni ko‘paytirish rejalashtirilmoqda”, deyiladi xabarda.

2022-yilning avgust oyida Farg‘onadan Samarqandga Tojikiston orqali avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum bo‘lgandi.

Shuningdek, Tojikistonning So‘g‘d viloyati, Xo‘jand shahri orqali texnik qatnov amalga oshirilgandi.


Avvalroq, Toshkent-Perm avtobus qatnovi qayta tiklangandi. Qatnovlar haftaning seshanba va juma kunlari amalga oshirilmoqda.