Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston 2022-yilda xorijdan qiymati $69,8 mln.ga teng boʻlgan 2 180 dona elektromobil import qilgan.
Elektromobillar importi 2021-yilning mos davri bilan solishtirilganda 1371 taga oshgan.
Oʻzbekiston 2022-yilda eng koʻp elektromobil import qilingan davlatlar:
Elektromobil import qilingan davlatlar | Elektromobillar soni |
Xitoy | 1 941 dona |
BAA | 111 dona |
Germaniya | 58 dona |
Gonkong | 42 dona |
Litva | 10 dona |
Koreya | 7 dona |
Boshqa davlatlar | 11 dona |
O‘zbekiston elektromobillar sanoatini nimalar kutmoqda
Prezident xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisida elektromobillarni ishlab chiqarish tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish haqida ta’kidlagandi.
Shu bilan birga elektromobillarni quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish, butlovchi qismlarni mahalliylashtirish masalalariga to‘xtalgandi.
Mamlakatda elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etish, quvvatlash stansiyalarini ko‘paytirish bo‘yicha taklif va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektromobillarni utilizatsiya yig‘imidan, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, jihozlari, xomashyo materiallarini bojxona bojidan ozod etish mo‘ljallanmoqda.
2023−2025 yillarda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar va davlat ulushi 50%dan ko‘p bo‘lgan korxonalarning elektromobillar xarid qilishi qo‘llab-quvvatlanadi.
Elektromobillarda yo‘lovchi tashish xizmati ko‘rsatuvchilarga litsenziya uchun davlat boji to‘lashda yengillik beriladi.
Mamlakatda tashkil etilayotgan mis klasterlaridan foydalanib, elektromobillar va quvvatlash stansiyalari uchun butlovchi qismlar tayyorlanadi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston qanday qilib o‘z elektromobillarini ishlab chiqarishga o‘tayotgani, qaysi kompaniyalar elektromobil ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani va qaysilari o‘z maqsadiga erishishga yaqinroq qolgani haqida yozgandi.