Jamoat transporti sohasini takomillashtirish yuzasidan o‘tkazilayotgan yig‘ilishda prezident yil yakuniga qadar barcha avtobus marshrutlari aholi ehtiyoji asosida qayta ko‘rib chiqilishi shartligini ta’kidladi.
Viloyatlar hokimlariga Transport vazirligi va Transport universiteti bilan birgalikda 1-iyulga qadar barcha viloyat markazlarining Transport bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.
Bunda aholi orasida alohida so‘rov o‘tkazib, ularning fikrlarini olish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Avtobuslar parkini kengaytirish uchun tashuvchi tadbirkorlarga avtobus parkini yangilashni rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi.
Xususan, tashuvchilarni tanlashda avtobusning yangiligiga qarab, yo‘nalishda yo‘lovchi tashishning kafolatlangan muddatlari 7 yilgacha uzaytiriladi. Shu bilan, 10 yoshdan oshgan avtobuslar bo‘yicha shartnoma tuzilmaydi.
Tadbirkorlar olib kelgan yangi avtobuslar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini bo‘lib-bo‘lib to‘lashiga ruxsat beriladi hamda avtobuslar sotib olish uchun 10 yilgacha muddatga imtiyozli kredit beriladi.
Mablag‘ avtobusning yurgan masofasi va odamlarning bu xizmatdan roziligiga qarab beriladi.
Xizmat sifatiga — avtobusdagi qulayliklar va sanitar holat, kech qolmasdan bekatga yetib kelishiga qarab baho beradigan tizim yaratiladi.
Bunda, tashuvchi tadbirkor har 1 kilometr uchun 10% rentabellik bilan kafolatli to‘lovni oladi. Shu paytgacha bo‘lgan kunlik tushum “plani"ni belgilash amaliyoti bekor qilinadi.
Bundan tashqari, aholiga qulay yo‘l haqi tariflarini (yillik, choraklik, oylik, kunlik, soatlik) joriy qilinadi.
Shuningdek, viloyatlar hokimlariga Transport vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda o‘z hududida transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlab, ishlarni boshlash topshirildi.
Namunaviy bekat loyihasini ishlab chiqib, tadbirkorlarga reklama va bankomat xizmatlarini tashkil qilish uchun vaqtinchalik foydalanishga berish tartibini kiritiladi.