Prezident huzurida jamoat transporti sohasini takomillashtirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Davlat rahbari sohada moliyalashtirish, avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish, avtoparkni yangilash va infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilish chora-tadbirlarini belgilab berdi.
Endilikda mablag‘ avtobusning yurgan masofasi va odamlarning bu xizmatdan roziligiga qarab beriladi.
Xizmat sifatiga — avtobusdagi qulayliklar va sanitar holat, kech qolmasdan bekatga yetib kelishiga qarab baho beradigan tizim bo‘ladi.
Bunda, tashuvchi tadbirkor har 1 kilometr uchun 10% rentabellik bilan kafolatli to‘lovni oladi.
Shu paytgacha bo‘lgan kunlik tushum “plani"ni belgilash amaliyoti bekor qilinadi.
Bundan tashqari, aholiga qulay yo‘l haqi tariflarini (yillik, choraklik, oylik, kunlik, soatlik) joriy qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Avvalroq, davlat rahbari “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi tizimidagi 18-avtobus saroyida bo‘lib, topshiriqlar bergandi.
Shundan so‘ng, “Toshshahartransxizmat” avtobus haydovchilariga joriy yilning dekabr oyidan boshlab 5−6 mln so‘m miqdorida oylik maosh berilishi belgilandi.
Toshkentning markaziy ko‘chalari bo‘ylab 475 km.ga yaqin 34ta alohida avtobus yo‘laklarini tashkil etish rejalashtirilgandi.