Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va O‘zbekiston o‘rtasida “YeTTB” Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishini joriy yilning 16−18 may kunlari Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Tadbirda O‘zbekiston tomonidan prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi bosh direktori Shuhrat Vafayev, bank tomonidan esa O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan “YeTTB” bosh kotibi Kazuxiko Koguchi ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, yig‘ilishni Samarqandda o‘tkazish uchun ariza O‘zbekiston tomonidan 2019-yilda taqdim etilgan.

O‘sha yilning o‘zida bank delegatsiyasi yillik yig‘ilishni mamlakatda o‘tkazish imkoniyatini ijobiy baholadi.

Imzolangan hujjat bankka aʼzo 73 ta davlatdan 1500 dan ortiq mehmon ishtirok etadigan YeTTBning yillik yigʻilishi va biznes-forumga tayyorgarlik koʻrish, tadbirlarni oʻtkazish va yoritish boʻyicha har bir tomonning aniq tashkiliy vazifalarini belgilaydi.

Bunday yuqori darajadagi tadbirning o‘tkazilishi O‘zbekistonning jahon investitsiyaviy hamjamiyatidagi obro‘sini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillariga mamlakatning iqtisodiy, sarmoyaviy, sanoat va ishlab chiqarish salohiyati, boy madaniyati bilan batafsil tanishish imkonini berishi kutilmoqda.

Tadbirning asosiy mavzusi iqtisodiyot barqarorligiga sarmoya kiritish bo‘lib, yig‘ilish davomida bankka a’zo mamlakatlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga qaratilgan panel muhokamalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Biznes-forumda makroiqtisodiy vaziyat, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishda xususiy sektor va davlatning roli, hududlararo munosabatlar, iqtisodiy integratsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, raqamlashtirish va boshqa ko‘plab masalalar yuzasidan ekspertlar ishtirokida muhokama qilinadi.


2022-yilning 3−4-noyabr kunlari Samarqandda “Oʻzbekiston iqtisodiy forumi” bo‘lib o‘tgandi.

“Spot” forumning birinchi kunida qanday loyihalar imzolangani haqida ma’lumotlarni bir joyga jamlagandi.

Shuningdek, forum doirasida Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi xalqaro banklar bilan 8 ta loyiha bo‘yicha kelishuv amalga oshirishini ma’lumot qilgandi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev tadbir ishtirokchilariga murojaatnoma yo‘llab, unda mamlakat iqtisodiyotini 2022−2026 yillarda rivojlantirishga qaratilgan yo‘nalishlarga to‘xtaldi.