2022-yilda hh.uz saytida o‘zini frilanserda ko‘rayotgan ish izlovchilar soni uch barobardan oshdi. Bu haqda “HeadHunter” “Spot"ga ma’lum qildi.
Xususan, bu ko‘rsatkich o‘tgan yili 215%ga oshgan hamda mazkur sezilarli o‘sish “erkin ish” tendensiyasini ko‘rsatgan.
Frilanserlikning jozibador jihatlari haqida quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin:
- moslashuvchan ish jadvali — frilanser sifatida ishlashning asosiy afzalligi;
- harakatchanlik — ish joyiga qattiq bog‘lanib qolmaslik va “kosmosda erkin harakat qilish”;
- o‘ziga yoqqan ishni tanlash imkoniyati;
- o‘z ishi uchun mustaqil ravishda javobgarlikni o‘z zimmasiga olish.
Qayd etilishicha, “erkin ish” kasbiy va shaxsiy o‘sish uchun ko‘plab imkoniyatlar beradi.
O‘zbekistonda IT mutaxassislar (dasturchilar, ishlab chiqaruvchilar va boshqalar) eng ko‘p frilanser sifatida o‘z xizmatlarini taklif qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda esa rassomlar, dizaynerlar hamda savdo menejerlari turibdi.
2022-yilda ish beruvchilar frilanserlarga sohasi, tajribasi va malakasiga qarab 1,5 mln so‘mdan maksimal 20 mln so‘mgacha maosh taklif qilgan.
2025-yilda butunjahon frilans bozori hajmi $13 trln.dan oshishi kutilmoqda. Ekspertlar fikricha, O‘zbekiston ham ushbu bozorga kirishi zarur. Agar bu jarayon uzoq muddat cho‘zilsa, mamlakat ko‘p imkoniyatlarni qo‘ldan boy berishi mumkin.
O‘tgan yilning avgust oyida mamlakatda frilanserlikni o‘rganishga mo‘ljallangan platforma ishga tushirildi. 2022-yilning o‘n oyida o‘zbekistonlik frilanserlarning “Upwork”, “Fiverr”, “Toptal” hamda “Envato” kabi 7 ta xorijiy frilanserlik platformalaridan ishlab topgan daromadlari jami $9 mln.dan oshgandi.