Jahon oltin kengashi (WGC) dunyo markaziy banklarining 2022-yilgi oltin zaxiralariga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Xususan, o‘tgan yilda mamlakatlarning markaziy banklari qo‘shimcha 1136 tonna qimmatbaho metal yoki taxminan $70 mlrd ekvivalentini sotib olgan.
Bu ko‘rsatkich 1967-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, oltinga bo‘lgan umumiy talab 4741 tonnaga (18%) yetdi hamda 2011-yildan buyon maksimal ko‘rsatkichni yangiladi.
2022 yilning ikkinchi yarmida regulyatorlar fond bozorlaridagi beqarorlik davrida himoya aktivi sifatida 862 tonna oltin sotib oldi.
Turkiya Markaziy banki 148 tonna oltin xaridi bilan yetakchilik qilib, jami zaxiralari 542 tonnani tashkil etdi va bu rekord darajadagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Ikkinchi o‘rinni 2019-yildan beri birinchi marta 60 tonnadan ortiq qimmatbaho metal sotib olgan Xitoy Xalq banki egalladi. Mamlakat zaxiralari 2000 tonnadan oshdi.
Mintaqaviy nuqtai nazardan, Yaqin Sharq yil davomida oltinning faol xaridori bo‘ldi. Misr (47 tonna), Qatar (35 tonna), Iroq (34 tonna), BAA (25 tonna) va Ummon (2 tonna) oltin zaxiralarini sezilarli darajada oshirdi.
Shuningdek, oltinga bo‘lgan talab bo‘yicha Misr dunyo mamlakatlari bo‘yicha Turkiya va Xitoydan keyingi uchinchi o‘rinni egallagan. Qatar esa oltin xaridi bilan to‘rtinchi pog‘onada turibdi.
O‘zbekiston Markaziy banki 2022-yilda oltin zaxiralarini 34 tonnaga oshirdi hamda dunyo mamlakatlari bo‘yicha beshinchi (Iroq ham) o‘rinni egalladi.
Qozog‘iston Milliy banki oltin zaxirasini 51 tonnaga kamaytirib, 352 tonnagacha qimmatbaho metalning asosiy sotuvchisiga aylandi. Bundan tashqari, regulyator 2023-yilda oltin sotishni ko‘paytirish rejalarini e’lon qildi. Qirg‘iziston (6 tonna) va Tojikiston (4 tonna) ham e’tiborga molik xaridorlar bo‘lgani ta’kidlanmoqda.
Oltinga bo‘lgan talabning o‘sishi AQSh valyutasi pozitsiyalarining zaiflashishi bilan bog‘liq, deydi ekspertlar. AQSh Federal zaxira tizimining pul-kredit siyosatini yumshatish fonida qimmatbaho metal boshqa valyutalardan foydalanadigan investorlar uchun nisbatan arzonlashmoqda.
WGC tahlilchilarining fikricha, markaziy banklar oltinga nisbatan ijobiy bo‘lib qoladi va uni sotib olishda davom etadi. Biroq, 2023-yilda qimmatbaho metalga bo‘lgan talab o‘tgan yilgi darajaga yetishi dargumon.
Avvalroq, 2022-yilda O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $35,7 mlrdni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.