O‘zbekiston delegatsiyasi Misr Ishbilarmonlar uyushmasi ijrochi direktori Muhammad Yusuf bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi direktori.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Misr biznes vakillari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va kengaytirish iqtiqbollari muhokama etildi.

Ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston va Misr ishbilarmonlari biznes kengashini tuzish taklifi bildirildi.

Dastlabki bosqichda Misr tomoni ikki muhim farmatsevtika va to‘qimachilik sohalarida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.

Bundan tashqari, tomonlar o‘rtasida ehtiyoj yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari — sitrus mevalar, zaʼfaron va quruq mevalar savdosini tashkil etishga ham alohida eʼtibor qaratishdi.

Yakunda O‘zbekiston va Misr ishbilarmonlari o‘rtasida delegatsiyalar almashuvini ko‘paytirish, tadbirkorlar o‘rtasida muzokaralar tashkil etish, ikki mamlakatda bo‘lib o‘tadigan ko‘rgazma va yarmarkalarda biznes vakillarining ishtirokini taʼminlashga kelishib olindi.

Misr Ishbilarmonlar uyushmasi 1979-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u 18 qo‘mitadan iborat. Uyushma sanoat, qishloq xo‘jaligi, bank va moliya, energetika, ekologiya, axborot texnologiyalari, ko‘chmas mulk, turizm, fuqaro aviatsiyasi, transport, import-eksport va boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatadigan 500 nafar biznesmenni hamda 1300 ta yirik kompaniyalarni o‘z atrofiga birlashtirgan.


Avvalroq “Spot” 2023-yilda Turkiy investitsiya jamg‘armasi tashkil etilishi haqida yozgandi. Jamg‘arma tadbirkorlikni rag‘batlantirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish kabi vazifalarni amalga oshiradi.