Janubiy Koreyaning Sokcho shahrida “Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati” tomonidan mazkur davlatga E-9 vizasi asosida ishchi kuchi yuboruvchi 16 davlatdan kelgan tashkilotlar rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Tadbirda O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i o‘rinbosari Azizbek Yunusov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Koreya vakillari tomonidan Bandlikka ruxsat berish (EPS) tizimining 2022-yildagi faoliyati natijalari va 2023-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Mazkur tizim tarixida ilk bor Koreyaga E-9 vizasi asosida ishchi kuchi yuboruvchi 16 ta davlatlar uchun umumiy kvota soni 2023-yilda 110 ming deb belgilangani alohida ta’kidlandi.
Bu o‘z navbatida Janubiy Koreyaga ishchilarni yuborayotgan davlatlarga katta mas’uliyat ekanligi, bunda fuqarolarni mamlakatga kirib kelishdan oldingi tayyorlov va ko‘niktirish kurslariga yanada kattaroq e’tibor qaratilishi kerakligi qayd etildi.
Avvalroq 2023-yilda O‘zbekistondan Buyuk Britaniyaga 1,5 ming ishchi jalb etish ko‘zda tutilgani haqida xabar berilgandi.
17-yanvarda dastlabki 24 nafar o‘zbekistonlik mehnat migrantlari Buyuk Britaniyadagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan fermalarda mavsumiy ishlash uchun yuborildi.
Shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishga jalb qilish, ularning xorijda huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar yuzasidan ma’lumot bergandi.
Xorijning vakolatli tashkilotlari va ish beruvchilari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Buyuk Britaniya, Bolgariya, Latviya, Polsha, Germaniya, Serbiya, Finlyandiya, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlardan 112 ta tashkilot bilan hamkorlik kelishuvlari imzolanib, ularda 15 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari aniqlangan.
Xususan, 2022-yilda Rossiya, Koreya, Qozog‘iston, Germaniya, Serbiya, Yaponiya, Angliya, Turkiya kabi davlatlarda 36 mingga yaqin fuqaro manzilli ishlarga joylashtirildi.
Shuningdek, muzokaralar natijasida Koreyaga 4901 nafar, Angliyaga 78 nafar, Germaniyaga esa 63 nafar fuqaro ishga jo‘natilgan.
Bugungi kunda chet elda ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar uchun Germaniya, Ruminiya, Vengriya, Angliya kabi davlatlarda tibbiyot, haydovchilik, qurilish hamda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning turli sohalarida bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilmoqda.