Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi “Barkamol avlod” mahallasida tadbirkorlar bilan muloqot qilmoqda. Bu haqda UzA xabar berdi.
Davlat rahbari e’tiborini joriy yil kuzatilgan anomal sovuq oqibatlariga qaratdi.
“Ko‘plab tadbirkorlar bundan qiynalganini bilib turibman. Xususan, respublikada 3 mingta hududiy sanoat korxonasida 7 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmadi”, — dedi prezident.
Xususan, Namangandagi 367 ta sanoat korxonasi 500 mlrd so‘mga yaqin mahsulotni ishlab chiqara olmagan. Birgina Namangan tumani sanoatining 26%ini tashkil qiladigan “Toshbuloq tekstil” korxonasi quvvati 47%ga pasaygan.
Natijada 29 mingta tadbirkorning soliq qarzdorligi yil boshiga nisbatan 2 trln so‘mga oshgan.
Hisob-kitobga ko‘ra, zarur choralar ko‘rilmasa, birinchi chorakda yalpi mahsulot o‘sishi 1,5%gacha pasayishi mumkin.
“Oldimizda dolzarb vazifa — „qattiq sovuq“ oqibatlarini bartaraf etib, biznes faoliyatini tezroq izga tushirish”, — dedi davlat rahbari.
Iqtisodiyotdagi yo‘qotishlar o‘rnini qoplash va biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun prezident alohida qaror imzolaganini ma’lum qildi.
“Qattiq sovuq"dan qiyinchilik ko‘rgan tadbirkorlarga kredit, soliq, bojxona va boshqa to‘lovlar bo‘yicha quyidagicha yengilliklar beriladi:
2 ming nafar kichik va o‘rta tadbirkorlarning yanvar-martda muddati keladigan 4,7 trln so‘m kredit to‘lovlari 1-iyunga qadar uzaytiriladi;
- Namanganda 73 ta tadbirkorning 130 mlrd so‘mlik kredit to‘lovlari uzaytiriladi.
29 mingta tadbirkorning 2 trln so‘m soliqdan qarzini 1-iyulga qadar foizsiz, qo‘shimcha garovsiz va “penya"siz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi;
- Namanganda 395 ta tadbirkorning 17 mlrd so‘m soliq to‘lovlari uzaytiriladi.
quvvati pasaygan 545 ta sanoat korxonasiga ishlab chiqarishni tiklash va aylanma mablag‘ uchun 8 trln so‘m kredit ajratiladi;
- Namanganda 44 ta tadbirkorga 65 mlrd so‘m kredit ajratiladi.
nosoz uskunalarni ta’mirlashga kreditlar ajratilib, ular bo‘yicha 2,5 mlrd so‘mgacha kafillik beriladi va kredit stavkasining 4,5%i qoplab beriladi;
Shuningdek, 27 mingta tadbirkor uchun davlat mulki ijara to‘lovi 1-aprelga qadar o‘zgarmaydi va uni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi (tadbirkorlarda 52 mlrd so‘m qoladi). Namanganda 183 ta shunday tadbirkor bor.
Davlat mulkini sotib olgan tadbirkorlar uchun to‘lovlar, foiz va “penya” 1-aprelga qadar to‘xtatib turiladi. Ishlab chiqarish binolarining har bir yuqori qavati uchun tadbirkorlarga mol-mulk solig‘idan 10%dan chegirma beriladi.
Avvalroq, davlat rahbari energetika va tadbirkorlik bo‘yicha vodiy viloyatlarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.