Georgiy Otarovich Paresishvili “Toshkent” fond birjasi boshqaruv raisi etib tasdiqlandi. Bu haqda birjaning matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, mazkur qaror joriy yilning 31-yanvarida Birja aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida bir ovozdan qabul qilingan.
Georgiy Paresishvili o‘tgan yilning sentabr oyidan buyon “Toshkent” RFB rahbari vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritayotgandi.
Uning boshqaruv raisi sifatidagi asosiy vazifalariga mahalliy fond bozorini kapital bozorining xalqaro infratuzilmasiga integratsiyalashtirish hamda mahalliy kompaniyalarning IPO va SPOlarini o‘tkazishga ko‘maklashish hisoblanadi.
Shuningdek, “Clearstream”, “Euroclear” va boshqa xalqaro kastodianlarni, xorijiy investorlarning O‘zbekistonga kirib kelishini yengillashtirish kabi masalalarni o‘z ichiga oladi.
Georgiy Paresishvili 2014-yildan 2022-yilning sentabrigacha Gruziya fond birjasining rahbari, shu bilan birga Gruziya Markaziy qimmatli qog‘ozlar depozitariysi Kuzatuv kengashining raisi bo‘lgan. U bank sohasi va kapital bozorda 27 yillik tajribaga ega.
Georgiy Paresishvili haqida
U 1995-yilda Tbilisi davlat universitetining iqtisod fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Tbilisidagi “Absolyut Bank"da boshlagan.
Michigan universiteti Stiven M.Ross biznes maktabida tahsil olgan. 2000−2005-yillarda Georgiy London va Nyu-Yorkda Shveytsariyaning moliyaviy konglomerati “Credit Suisse” investitsiya bankining bo‘limi bo‘lgan “Credit Suisse First Boston"da ishlagan.
2005-yildan buyon “Terabank”, “Liberty Bank”, “Bank of Georgia” va boshqa yetakchi banklarda boshqaruv lavozimlarida ishlagan.
Avvalroq, Moliya vazirligi O‘zbekiston fond bozorini raqamlashtirish bo‘yicha tender e’lon qilgandi.