Vengriya “OTP” banki Oʻzbekiston toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi bilan hamkorlikda qoʻshma investitsiya fondini yaratish ustida ishlamoqda, deya xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.


Yangilandi: 4-fevral, 14:00: “Dunyo” axborot agentligi saytdagi matnni toʻliq almashtirib, investitsiya jamgʻarmasi haqidagi eslatmani olib tashladi.


O‘zbekistonning Vengriyadagi elchisi Abat Fayzullaev Vengriya “OTP” banki bosh direktori o‘rinbosari, Vengriya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi hamraisi Laslo Vulf bilan qo‘shma kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida uchrashdi.

Laslo Vulf O‘zbekistonning “Ipotekabank"ning “OTP” bank tomonidan xususiylashtirilishi ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligini bildirdi.

Uning fikricha, Vengriya bankining O‘zbekiston bank-moliya jabhasiga kirib borishi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida o‘zaro investitsiyaviy va savdo aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, bu nafaqat Vengriya, balki “OTP” banki xizmat ko‘rsatuvchi Yevropaning boshqa yetakchi kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilishga ham imkon beradi.

Vengriya tomoni, shuningdek, mamlakatda bank xizmatlarini raqamlashtirish, shuningdek, yosh avlodga yo‘naltirilgan bank mahsulotlari va xizmatlarini joriy etish bo‘yicha o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashdi.

Qayd etilishicha, “OTP” banki O‘zbekiston Respublikasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (UzDIF) bilan hamkorlikda yirik qo‘shma jamg‘arma tashkil etish loyihasi ustida ishlamoqda.

Ushbu loyihaga ikki tomonning mablag‘laridan tashqari Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD) va Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) moliyaviy resurslarini ham jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Qo‘shma jamg‘arma O‘zbekistondagi tadbirkorlar faoliyatini moliyalashtirish, o‘z faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan istiqbolli kompaniyalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuzilishi bildirildi.