Joriy yil yakuniga qadar O‘zbekistonda umumiy quvvati 2910,6 MVt bo‘lgan 7 ta elektr stansiya (1 ta IES, 1 ta shamol, 3 ta quyosh va 2 ta GES) ishga tushirilishi (yagona elektr tarmog‘iga ulanishi) rejalashtirilgan, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi.
Xususan:
- Sirdaryo viloyatining Shirin shahri va Boyovut tumanlari hududida quvvati 1500 MVt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi;
- Navoiy viloyatining Tomdi tumanida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi;
- Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida quvvati 457 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi;
- Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida quvvati 220 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi;
- Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida quvvati 220 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirilishi (yagona elektr tarmog‘iga ulanishi) rejalashtirilgan.
Ushbu elektr stansiyalar qurilishi xorijiy kompaniyalar tomonidan 100% to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Samarqand viloyatida umumiy quvvati 13,6 MVt bo‘lgan 2 ta gidroelektr stansiya ishga tushiriladi.
Shu bilan birga, To‘palang GES modernizatsiya qilinadi va uning quvvati amaldagi 30 MVtdan 175 MVtga (+145) oshiriladi.
Qayd etilishicha, 2022-yilda umumiy quvvati 1474 MVt bo‘lgan 7 ta yangi elektr stansiya ishga tushirilgan.
Ular:
- Buxoro viloyatining Buxoro tumanida quvvati 270 megavatt bo‘lgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi;
- Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 240 megavatt bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasi;
- Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida quvvati 174 megavatt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi;
- Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 230 megavatt bo‘lgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi;
- Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 240 megavatt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi;
- Samarqand viloyatining Nuborod tumanida quvvati 100 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi;
- Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida quvvati 220 megavatt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi.
Ushbu 7 ta elektr stansiya yiliga 11 mlrd 300 mln kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Qurilmalarning energiya tejamkorligi hisobiga yiliga 1 mlrd 503 mln metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.
Avvalroq “Spot” Farg‘ona IEMda 2 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushurilgani haqida yozgandi. Loyiha “On-Grid” rejimida ishlaydi va yiliga qo‘shimcha 5 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Natijada 1,2 mln kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.