Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov boshchiligidagi delegatsiya Indoneziya turizm va kreativ iqtisodiyot vaziri Sandiaga Salahuddin Uno bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Unda Indoneziyadan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tashkil etish va indoneziyalik ziyoratchilar uchun maxsus ziyorat turlarini tashkil etishda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tadbirda 2024-yil O‘zbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan kreativ iqtisodiyot va turizm xalqaro konferensiyasida mazkur mamlakat delegatsiyasi ishtirok etishi ham maʼlum qilindi.

Tomonlar, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Mahdumi Aʼzam, Xoja Ahror Valiy, Abdi Dorun va Abdi Berun ziyoratgohlariga indoneziyalik sayyohlar uchun maxsus ziyorat turlarini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildi.

Delegatsiyaning Indoneziya Taʼlim, madaniyat, izlanishlar va texnologiyalar vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida talabalar va mutaxassislar almashinuvi yunalishida hamkorlikni rivojlantirish, xususan, “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida indoneziyalik yoshlar uchun grant ajratish muhokama qilindi.


Avvalroq Bolgariyadan O‘zbekistonga charter aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi xabar berilgandi.

Tomonlar O‘zbekiston hamda Bolgariya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik, sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha muhokamalar olib borgan.

Shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘rtasida aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashishni masalasi ham ko‘rib chiqilgan.