Surxondaryoning Jarqo‘rg‘on tumanida 600 MVt quvvatga ega innovatsion fotoelektr stansiyasi barpo etiladi, deya xabar bermoqda Innovatsion rivojlanish agentligi matbuot xizmati.
Mazkur fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha Germaniyaning “Graess Energy Uzde” kompaniyasi, Surxondaryo viloyati hokimligi hamda Innovatsion rivojlanish agentligi hududiy boshqarmasi o‘rtasida kelishuvga erishildi.
Avvalroq Energetika vazirligi joriy yilda O‘zbekistonda 7 ta elektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilayotgani haqida ma’lum qilgandi.
Xususan:
- Sirdaryo viloyatining Shirin shahri va Boyovut tumanlari hududida quvvati 1500 MVt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi;
- Navoiy viloyatining Tomdi tumanida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi;
- Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida quvvati 457 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi;
- Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida quvvati 220 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi;
- Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida quvvati 220 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirilishi (yagona elektr tarmog‘iga ulanishi) rejalashtirilgan.
Ushbu elektr stansiyalar qurilishi xorijiy kompaniyalar tomonidan 100% to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Samarqand viloyatida umumiy quvvati 13,6 MVt bo‘lgan 2 ta gidroelektr stansiya ishga tushiriladi.
Shu bilan birga, To‘palang GES modernizatsiya qilinadi va uning quvvati amaldagi 30 MVtdan 175 MVtga (+145) oshiriladi.