Avvalroq, 1-fevraldan boshlab O‘zbekistondan Afg‘onistonga temir yo‘l orqali yuk tashuvlarini amalga oshirish vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi bu bo‘yicha izoh berdi.

Qayd etilishicha, Afg‘oniston tomonidan Xayraton stansiyasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan texnik ishlarni, ular belgilagan muddatlarda amalga oshira olmagani haqida hech qanday tushuntirish berilmagan.

Mazkur stansiyaga yetkazib berilgan vagonlarni bo‘shatish va qaytarish uchun Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi “Mansor Fateh” kompaniyasi bilan shartnoma imzolagani to‘g‘risida ma’lumot tarqatilgan.

Biroq, tashkilot 31-yanvarga qadar Xayraton stansiyasida kelishilgan muddatda ishlarni tashkillishtirishga ulgurmagan.

Bundan tashqari, “So‘g‘diyona Trans” tomonidan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida vaqtinchalik avtomobil transporti orqali yuklar tashuvini tashkillashtirishda yordam berishiga qaramay, qo‘shni davlat tomoni tadbirkorlarga yuklarni avtomobil transporti orqali tashimaslik to‘g‘risida tavsiya berayotgani haqida ma’lumotlar kelmoqda.

Shu bilan birga, Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi rahbariyatining iltimosiga ko‘ra, mazkur hafta boshida Termizda Afg‘onistonga temir yo‘l orqali yuklarni tashish, Xayraton stansiyasiga yetkazib berish va olib chiqishni tashkil etish bo‘yicha “So‘g‘diyona Trans” va boshqarma o‘rtasida yangi shartnoma imzolanishi rejalashtirilmoqda.

Shartnoma imzolangan kundan G‘alaba-Xayraton temir yo‘li ochilishi haqidagi ma’lum qilinadi.


Avvalroq, Turkiya-Eron-Turkmaniston-O‘zbekiston temir yo‘l yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashuvlari boshlangani haqida xabar berilgandi.