Markaziy bank 1-fevral holatiga O‘zbekistonning xalqaro zaxiralariga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

O‘tgan bir oyda mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari $35,9 mlrd.ga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2022-yilning dekabr oyiga nisbatan $174 mln.ga o‘sgan.

Yanvar oyi davomida oltinning fizik hajmi 12,7 mln troyadan 12,4 mln troyaga kamaydi. Shuningdek, qiymati $492 mln.ga oshib, jami $23 556 mln.ni tashkil etgan.

Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valyuta zaxiralari ham dekabr oyidagi $11,6 mlrd ko‘rsatkichdan yanvarga kelib $11,3 mlrd.ga kamaygan.

“O‘zbekiston yalpi xalqaro zaxiralari joriy yil boshidan $0,2 mlrd.ga yoki 0,5%ga oshdi. Bunda oltin narxining yil boshidagi $1812,35 dan $1905,20 gacha ko‘tarilishining ta’siri $1,15 mlrd.ni tashkil etdi”, deyiladi regulyator izohida.

Jahon oltin kengashi (WGC) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki 2022-yilda oltin zaxiralarini 34 tonnaga oshirdi. Natijada mamlakat xalqaro zaxiralari bilan Turkiya, Xitoy, Misr va Qatardan keyingi yetakchi o‘rinni qayd etdi.