Qirg‘iziston havo hududi Tojikiston samolyotlari uchun ochildi, deya xabar bermoqda “24kg” nashri mamlakat fuqaro aviatsiyasi departamenti direktori Aleksandr Nastayevga tayanib.

“Dushanbe-Urumchi reysi butun hududimizni kesib o‘tadi. Xuddi shunday, bizning samolyotlarimiz Dushanbe uzra parvoz qiladi. Bu yo‘l parvoz vaqtini qisqartiradi” — deydi u.

Qayd etilishicha, barchasi harbiylar va xavfsizlik xizmati bilan kelishilgan.

Bundan avval, 4-fevral kuni Qirg‘iziston Tojikiston aviakompaniyasiga Dushanbe-Urumchi-Dushanbe va Dushanbe-Novosibirsk-Dushanbe yo‘nalishidagi parvozlar uchun havo hududidan foydalanishga ruxsat bergandi.

Tojikistonning “Somon Air” kompaniyasi ularga 2023-yil 8-fevraldan 21-martgacha Dushanbe-Urumchi-Dushanbe reyslari, 5-fevral kuni Dushanbe-Novosibirsk-Dushanbe reyslari uchun Qirg‘iziston havo hududini taqdim etishni so‘ragan.


Joriy yilning 10-yanvaridan “Uzbekistan Airways” Toshkent-Pekin-Toshkent yo‘nalishidagi parvozlarni qayta yo‘lga qo‘ygandi. Mazkur qatnov COVID-19 pandemiyasi sabab vaqtincha to‘xtatilgandi.