“Ural Airlines” Yekaterinburgdan O‘zbekistonning oltita shahriga parvozlarni yo‘lga qo‘yishga ruxsat oldi, deya xabar bermoqda “Kommersant” nashri havo transporti federal agentligiga tayanib.

Xususan, aviakompaniya joriy yilning yozida Qarshi, Farg‘ona, Nukus, Navoiy va Urganchga haftasiga to‘rt martagacha, shuningdek, Buxoroga haftasiga uch martagacha parvozlarni amalga oshiradi.

Bundan tashqari, Yekaterinburgdan Namangan (yozda 3 tadan 5 tagacha) va Samarqandga (qishda 3 tadan 7 tagacha) reyslar soni oshiriladi. “Ural Airlines” Rossiyaning 13 ta shahridan O‘zbekistonga parvoz qilish uchun ruxsat olgan.

Shu bilan, Yekaterinburgdan tashqari, Krasnodar, Grozniy, Nijniy Novgorod, Nijnevartovsk, Sochi, Qozon, Maxachqal’a, Mineralne Vodi, Chelyabinsk, Jukovskiy, Rostov-na-Donu kabi shaharlardan parvozlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

Sankt-Peterburgdan parvozlar soni ham oshirilishi mumkinligi ta’kinlanmoqda.

2022-yilning noyabrida “Ural Airlines” va “IrAero” aviakompaniyalari Surgut, Nijnevartovsk va Tyumendan O‘zbekistonning yettita shahriga parvozlarni amalga oshirishga ruxsat olgandi.

“Ural Airlines” Nijnevartovskdan Farg‘ona, Buxoro, Urganch, Navoiy, Namanganga qish mavsumi tugagunga qadar, Samarqandga esa yoz mavsumi oxirigacha haftasiga yettitagacha reysni amalga oshirishi qayd etilgandi.


Avvalroq, “Uzbekistan Airways Express” Rossiyaning uchta shahriga yangi qatnovni amalga oshirib, yana bitta yo‘nalishni qayta tiklashi haqida xabar berilgandi.