Germaniyaning “Volkswagen” avtokonserni Rossiyadagi aktivlarini, jumladan Kalugadagi zavodni uchinchi tomonga sotish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda, yakuniy qaror hali qabul qilinmagan, deya xabar bermoqda “RIA Novosti” nashri kompaniya ma’lumotlariga tayanib.
“Biz vaziyatni doimiy ravishda kuzatib boramiz va keyingi oʻzgarishlar uchun turli ssenariylarni koʻrib chiqamiz. Mumkin variantlardan biri „Volkswagen Group Rus“ aktivlarini uchinchi shaxsga sotishdir. Biroq bu masala boʻyicha qaror qabul qilingani yoʻq”, — deyiladi kompaniya xabarida.
6-fevral kuni “Kommersant” nashri manbalarga tayanib, Rossiyaning “AFK Sistema” investitsiya kompaniyasi Volkswagen zavodini sotib olishga qiziqish bildirayotgani haqida xabar bergandi.
Kelishuvga Qozog‘istonning “Allur” avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasini jalb etish rejalashtirilgan edi.
Shunday qilib, Qozog‘iston va Rossiya tomonlarining o‘zaro hamkorligi mavjud modellarni ishlab chiqarishni davom ettirishni nazarda tutadi, deya ta’kidladi nashr.
“AFK Sistema” investitsiya kompaniyasi, oʻz navbatida, tranzaksiya orqali mashinasozlik xoldingini yaratishni rejalashtirmoqda.
“Volkswagen” 2022-yilning mart oyidan boshlab Rossiyada ishlab chiqarishni to‘xtatgandi.
Avtomobil konsernining avtomobillari kompaniyaning Kalugadagi zavodida “Volkswagen Tiguan”, “Volkswagen Polo” va “Skoda Rapid”, shuningdek, Nijniy Novgoroddagi “GAZ” guruhining ishlab chiqarish maydonchasida “Volkswagen Taos”, “Skoda Kodiaq”, “Skoda Octavia” va “Skoda Karoq” yig‘ilgan.