Malayziyaning “Malaysia Airlines” aviakompaniyasi Kuala-Lumpur-Toshkent-Kuala-Lumpur yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni tiklamoqda, deya xabar berdi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.
Birinchi charter reysi 2023-yil 1-martga belgilangan. Reyslar har o‘n kunda bir marta Airbus A330 samolyotlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Malayziya aviatashuvchisi ilk parvozini O‘zbekistonning “Osmon Aero” sayyohlik operatori bilan kelishuv doirasida 2022-yil 9-iyul kuni amalga oshirgandi.
“Malaysia Airlines” — 1947-yili 1-mayda tashkil etilgan, shtab-kvartirasi Selangor shtatida joylashgan Malayziyaning milliy davlat aviakompaniyasi.
Avvalroq Qozog‘istonning “FlyArystan” loukoster aviakompaniyasi Olmaota-Samarqand yo‘nalishidagi reyslarni tiklayotgani haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, Olma-Ota-Samarqand-Olma-Ota yoʻnalishi boʻyicha birinchi yoʻlovchi reysi 2023-yil 18-martga belgilangan.
Reyslar Airbus A320 samolyotlarida haftasiga ikki marta — chorshanba va shanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq “Spot” “Uzbekistan Airways” Nyu-Yorkka parvozlar uchun 20% chegirma e’lon qilgani haqida yozgandi.