Shavkat Mirziyoyev 8-fevral kuni Toshkent metropolitenida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
2020-yil avgustda Toshkent yerusti metrosining birinchi bosqichi ishga tushirilgandi. Dekabrda esa Sergeli yo‘nalishi ochildi.
Mazkur ikki yo‘nalishni bog‘lovchi Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan metropoliten barpo etilmoqda.
Qariyb 12 kilometrlik bu qismda 7 ta bekat bo‘ladi hamda hozir “Quruvchilar” dahasigacha borgan 5 ta bekati qurib bitkazildi.
“Qo‘yliq yo‘nalishida 7 ta, Sergelida 5 bekatli yerusti metrolari qurildi. Oldin Toshkent metropolitenidan 240 ming yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, bugungi kunda 600 mingdan oshdi. Rejamiz — 1 million yo‘lovchi”, — deydi prezident.
Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, bu ishlar o‘z vaqtida boshlamaganida, shahar transportida kollaps bo‘lishi mumkin edi.
“Endi muqobil energetikani ham o‘rganmasak bo‘lmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.
“Quruvchilar” dahasidan Qipchoq bekatigacha bo‘lgan qariyb 4 kilometrlik metro yo‘li yaqin oylarda ishga tushiriladi.
Natijada, Qo‘yliq va Sergeli orasidagi qatnov vaqti 15 daqiqani tashkil etadi. Mazkur yo‘nalish bir kunda 40 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.
Buning evaziga shaxsiy transportlarga ehtiyoj kamayib, tirbandlik bartaraf etiladi.
Xususan, Qo‘yliq-Sergeli yo‘nalishida harakatlanadigan kunlik avtomobillar soni 40 mingtagacha qisqarib, transport oqimi 12% kamayishi mumkin.
Ushbu bosqich qurib bitkazilishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan oshib, bekatlar soni 50 taga yetadi.
Shuningdek, metroda yuruvchi kunlik yo‘lovchilar soni 650 minggacha yetadi va 245 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.