O‘zbekistonda avia yuk tashuvlari sohasida “E-freight” standarti joriy etiladi. Bu haqda Transport vazirligining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bu bo‘yicha Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mavjud muammolar va ularning yechimi muhokama qilindi.

Xalqaro aviatsiya transporti birlashmasi (IATA) tavsiyasiga muvofiq, havo transportida yuklarni elektron rasmiylashtirish va kuzatish standartini joriy etish biznes jarayonlarini soddalashtirishga, xarajatlarni kamaytirishga va ma’lumot almashinuvini tezlashtirishga qaratilgan xalqaro tarmoq dasturining bir qismi hisoblanadi.

Bundan maqsad ishonchlilikni oshirish, yuklarni yetkazib berish vaqtini, hujjatlarni elektron rasmiylashtirish va kuzatib borish xarajatlarini qisqartirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, nazorat qiluvchi organlar uchun axborot xavfsizligi va ishonchliligini oshirishni ta’minlaydi, deyiladi xabarda.


Avvalroq, tranzit deklaratsiyasini bojxona organiga taqdim etish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq jarayonlar Bojxona qo‘mitasining elektron tizimi orqali amalga oshirilishi ma’lum qilingandi.