Misr “Elsewedy Electric” kompaniyasi O‘zbekistonda transformator ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishga qiziqish bildirmoqda, deya xabar berdi “Dunyo” nashri.

Bu haqda O‘zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev bilan mazkur kompaniya prezidenti Ahmad al-Suvaydiy o‘rtasidagi uchrashuvda ta’kidlangan.

Kompaniya prezidenti Markaziy Osiyo bozoriga kirish asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilanganini ma’lum qilgan.

“Bunda O‘zbekiston mintaqadagi asosiy yo‘nalish sifatida qaralmoqda. O‘zbekistonda elektr energiyasi, transformatorlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar tashkil etishdan manfaatdormiz”, — dedi Ahmad al-Suvaydiy.

Bu bo‘yicha kompaniya delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurib, o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash rejalashtirilgan.

Elsewedy Electric” kompaniyasi 1938-yili tashkil etilgan. Hozir qariyb 20 ta davlatda 30 dan ortiq korxonalari mavjud. Bundan tashqari, ularda 17 mingta xodim faoliyat yuritadi.


Avvalroq, Bangladesh IT-kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirishga qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgandi.