Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi gaz ittifoqidan Qirg‘iziston foyda ko‘radi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy ilmiy-tadqiqot instituti postsovet tadqiqotlari markazi ilmiy xodimi Stanislav Pritchinga tayanib, “24kg” nashri xabar berdi.
“Bugungi kunda gaz ittifoqi g‘oyasining muqobili yo‘q. Rossiyaning „Gazprom“ kompaniyasi 140 mlrd kub metrga yaqin gaz chiqardi, bu esa Markaziy Osiyoga bemalol yetib borishi mumkin”, — deydi Stanislav Pritchin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston aloqasidagi hamkorlikning faollashishi mintaqaviy energetika xavfsizligini ta’minlaydi.
Xususan, bu Qirg‘iziston o‘rtasidagi kelishuvlarni inobatga olgan holda, uning energetik xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Avvalroq, O‘zbekiston “Gazprom” bilan gaz sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ni imzolagandi. Undan so‘ng, Energetika vazirligi bu bo‘yicha izoh berdi.
Unga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida tuzilgan Ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarga va o‘rganishga kelishib olingan.
Ishchi guruh texnik jihatdan barcha ishlarni yakunlagandan so‘ng, tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha asosiy shartlarni muhokama qiladi.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, olib borilgan muzokaralar hamda “Yo‘l xaritasi"da O‘zbekistonning mavjud gaz transporti tizimiga egalik huquqini to‘liq saqlagan holda ichki bozorga tabiiy gazni zarur miqdorlarda yetkazib berish maqsad qilingan.
“Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q”, deyiladi xabarda.
Mazkur yo‘nalishdagi barcha ishlar O‘zbekistonning milliy manfaatlarini to‘liq himoya qilgan holda amalga oshirilib, natijalari yuzasidan doimiy ravishda jamoatchilikka ma’lum qilib boriladi.
Avvalroq, Turkmaniston O‘zbekistonga bepul suyultirilgan gaz yetkazib berishi haqida xabar berilgandi.