Birja savdolari orqali xarid qilingan AI-80 rusumli avtobenzinni neft bazalar tomonidan o‘z vaqtida yetkazib berish jarayonini onlayn kuzatib borish imkoni yaratildi, deya xabar berdi “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati.
Xususan, “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi “Chinobod neft bazasi” va “Kuchlik neft bazasi” tomonidan AYoQShlarga yetkazib beriladigan AI-80 rusumidagi avtobenzin haqidagi kunlik ma’lumotlar bilan “Toshkent AYoQShlari” Telegram kanali orqali tanishib borish mumkin.
Avvalroq, “O‘zbekneftgaz” Rossiyadan AI-80 rusumli avtobenzini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgani haqida xabar berilgandi.
Unga ko‘ra, mamlakatning “Tatneft” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan AI-80-K-5 avtobenzinni import qilish bo‘yicha kelishuvga erishilib, “TANЕKO” zavodidan jami 50 ming tonna AI-80-K-5 rusumidagi avtobenzini yuklab berilgan.
4-fevraldan “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi AYoQSHlar orqali import qilingan AI-80-K-5 rusumli avtobenzini sotuvga chiqarildi.
Tovar-xomashyo birjasida AI-80-K-5 rusumli avtobenzinning boshlang‘ich narxi bir tonnasi uchun 7 168,3 ming so‘m, “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli AYOQSHlarda iste’molchilarga sotiladigan yakuniy narxi bir litri uchun 6 ming so‘mni tashkil etadi.
Kompaniya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, fevral oyida “Tatneft” kompaniyasidan qo‘shimcha 50 ming tonna AI-80-K-5 avtobenzini xarid qilinishi rejalashtirilmoqda.
Qish boshlanishi bilan gaz quyish shoxobchalariga gaz yetkazib berishdagi uzilishlar fonida benzinga talab keskin oshdi.
Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarida yoqilg‘i ishlab chiqarish oshdi. Prezident ma’muriyati esa aksiz solig‘idan vaqtincha ozod etilishini e’lon qildi.
2022-yil 13-dekabrdan AI-80 benzinini import qilish, ishlab chiqarish va sotish uchun aksiz stavkalari mart oyining boshigacha nolga tenglashtirildi.
15-dekabr kuni davlat rahbari energetika sohasiga bir qator topshiriqlar berdi. Jumladan, u AI-80 benzinini olib kirish va sotishda imtiyozlarning “o‘yinga aylanishi"ning oldini olishga chaqirdi, shuningdek, davlat idoralariga narxlarni sun’iy oshirishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.