Endilikda tadbirkorlar ma’lum mezonlar asosida toifalarga ajratiladi. Bu bo‘yicha davlat rahbarining farmoni qabul qilindi.
Xususan, hujjat bilan tadbirkorlarni toifalarga ajratishning quyidagi mezonlari belgilanmoqda:
kichik tadbirkorlik:
- yakka tartibdagi tadbirkorlar;
- mikrofirmalar — ta’sischilari (ishtirokchilari) jismoniy shaxslar bo‘lgan hamda jami daromadi kalendar yil davomida 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlar;
- kichik korxonalar — jami daromadi kalendar yil davomida 1 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan hamda ushbu kichik bandning uchinchi xatboshisidagi ta’sischilari (ishtirokchilari) yuridik shaxslar bo‘lgan tadbirkorlar;
o‘rta tadbirkorlik — jami daromadi kalendar yil davomida 10 mlrd so‘mdan 100 mlrd so‘mgacha bo‘lgan tadbirkorlar;
yirik tadbirkorlik — jami daromadi kalendar yil davomida 100 mlrd so‘m va undan yuqori bo‘lgan tadbirkorlar.
Shuningdek, farmon bilan joriy yilning 1-aprelidan jami daromadi 10 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan tadbirkorlar uchun davlat xaridlarida 20%lik kvota joriy etiladi va ushbu xaridlar doirasida budjet buyurtmachilari bilan tuziladigan shartnomalarda 50% miqdorida oldindan to‘lovni amalga oshirish nazarda tutiladi.
Bunda, soliq organlari tomonidan jami daromadi 10 mlrd so‘mdan oshgan tadbirkorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladi va maxsus axborot portali bilan ma’lumot almashinuvi ta’minlanadi.
Shu bilan birga, davlat xaridlarida eng yaxshi takliflarni tanlash va tender savdolarida ishtirokchilar takliflarini baholashda QQS summasi inobatga olinmaydi.
Tadbirkorlarni toifalarga ajratish bo‘yicha prezident 2022-yilning avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ta’kidlagandi.
Dekabr oyiga kelib, joriy yildan tadbirkorlar uchun subsidiya, kreditlar va kompensatsiyalar toifalardan kelib chiqib ajratilishi qayd etildi.
Avvalroq, anomal sovuq natijasida qiyinchilik ko‘rgan tadbirkorlarga yengiliklar berilishi haqida xabar berilgandi.