Avvalroq, prezidentning “Tadbirkorlik subyektlarini toifalarga ajratish mezonlari hamda soliq siyosati va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, joriy yilning 1-mayidan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari va avtomobillarga gaz quyish stansiyalarida elektron o‘lchash uskunalari va onlayn video kameralarini o‘rnatish majburiy qilib belgilanmoqda.

Shuningdek, ularni soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish majburiy tartibda amalga oshiriladi.

Avvalroq, prezident energiya resurslari ta’minoti bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda “gaz zapravkalari"da davom etayotgan o‘g‘irliklarga barham berish shartligini ta’kidlagandi.

Shuningdek, AYoQShlarga yetkazib berilgan AI-80 avtobenzin to‘g‘risidagi ma’lumotlarni onlayn kuzatib borish imkoni yaratildi. Bunda birja savdolarida xarid qilingan avtobenzin haqidagi kunlik ma’lumotlar “Toshkent AYoQShlari” Telegram kanalida berib boriladi.

Dekabr oyida Antimonopol qo‘mita “Benzin narxi” Telegram-botini ishga tushirgandi. U orqali foydalanuvchi yaqin joyda joylashgan shohobchani tanlab, benzin turi va narxi haqida ma’lumot olishi mumkin.


Avvalroq, O‘zbekneftgaz “Tatneft"dan qo‘shimcha 50 ming tonna avtobenzin xarid qilishi ma’lum bo‘lgandi.