O‘zbekiston va Qozog‘iston Energetika vazirlari “Gazprom” rahbariyati bilan muzokaralarning navbatdagi bosqichini o‘tkazdi. Bu haqda Energetika vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.
Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan uchrashuvda Jo‘rabek Mirzamahmudov, Bolat Akchulakov hamda Aleksey Miller O‘zbekistonga Rossiya tabiiy gazini Qozog‘iston hududi orqali yetkazib berish masalasini muhokama qildi.
Xususan, muloqot davomida uch tomonlama ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan dastlabki texnik ko‘rik natijalari, yetkazib berishning mavjud imkoniyatlari hamda yanvar oyida imzolangan “yo‘l xaritasi"ning ijrosi ko‘rib chiqildi.
Yakunda uch tomonlama o‘rganishlarning keyingi bosqichini tezlashtirish hamda natijalari bo‘yicha uch tomonlama uchrashuvni qisqa muddatlarda qayta tashkil etishga kelishildi.
2022-yil noyabrida Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan “gaz ittifoqi"ni tuzish taklifi ma’lum bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari uning maqsadlari qatorida gaz tranziti va uni boshqa bozorlarga, xususan, Xitoyga yetkazib berishni muvofiqlashtirishi bo‘yicha yozdi.
Shundan so‘ng, Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakat gazni “alyans yoki ittifoq orqali” emas, balki shartnomalar bo‘yicha import qilish niyatida ekanini qayd etdi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa gaz yetkazib berishda “siyosiy shartlar” haqida gap bo‘lmasligini aytdi.
O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Aleksandr Novak Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar davom etishini ma’lum qilgandi. Yanvar oyiga kelib, O‘zbekiston “Gazprom” bilan hamkorlik qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ni imzoladi.
Shundan so‘ng, Energetika vazirligi bu bo‘yicha izoh berib, tomonlar o‘rtasida tuzilgan Ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarga va o‘rganishga kelishib olingani hamda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetga qandaydir tahdid yo‘qligi qayd etildi.
Ekspertlar O‘zbekiston va Rossiya gaz ittifoqidan Qirg‘iziston ham manfaatdorligini hamda Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston aloqasidagi hamkorlikning faollashuvi mintaqaviy energetika xavfsizligini ta’minlashini ta’kidladi.