Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan “Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi to‘g‘risida"gi yo‘riqnoma Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Mazkur hujjat bank hisobvaraqlarini ochishni va ularni yuritishni tartibga soluvchi hujjatlardagi hamda bank hisobvaraqlarini ochishda xalqaro tajribaga muvofiq biznes jarayonlarni raqamlashtirishni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

Ushbu yo‘riqnoma bilan 2023-yil 1-maydan boshlab, ta’sischilari O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tardbirkorlarga bank hisobvaraqlarini nafaqat davlat ro‘yxatidan o‘tish jarayonida, balki faoliyati davomida ham bank hisobvaraqlarini masofadan turib ochishga ruxsat beriladi.

Bu bo‘yicha 2022-yil 10-noyabrda tijorat banklariga yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga bank hisobvarag‘ini masofadan turib ochishga ruxsat berish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi.

Shuningdek:

  • imzolar namunalari qo‘yilgan varaqcha shakli va taqdim etiladigan soni bank tomonidan ichki hujjatlariga muvofiq o‘rnatilishi;
  • hisobvaraqni ochish uchun taqdim etiladigan hujjatlarni elektron saqlash imkoniyati bo‘lganda, qog‘ozda saqlamaslik huquqi berilmoqda;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarga faksimil imzodan foydalanishga ruxsat berilishi;
  • xo‘jalik subyektiga asosiy hisobvaraq ochgan bank orqali o‘zining barcha banklardagi hisobvaraqlari ro‘yxatini bank depozitorlarining milliy axborot bazasidan olish imkoniyati berilishi;
  • g‘azna ijrosi bilan qamrab olingan yuridik shaxslarga asosiy hisobvaraq ochmasdan, boshqa hisobvaraqlar (tranzit, terminal, naqd pul uchun, korporativ karta) ochish mumkin.

Shu bilan birga, barcha jismoniy shaxslarga yagona identifikator — jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami (JShShIR) asosida hisobvaraq ochiladi.

Norezident jismoniy va yuridik shaxslarga bank hisobvaraqlarini ochishda va ularga mablag‘larni kirim qilishda “O‘z mijozingni bil” (KYC, e-KYC) va “Daromadni legallashtirishga qarshi kurashish” (AML) tizimlariga muvofiq banklar tomonidan asoslovchi hujjatlar olinishi mumkinligi bo‘yicha normalar belgilanmoqda.

Markaziy bank 2018-yilda banklarga joriy mijozlar uchun masofadan hisobvaraq ochishga ruxsat bergandi.

2021-yil oktabr oyidan boshlab regulyator ariza beruvchilarni raqamli identifikatsiya qilish tartibini tasdiqladi. Bu bank xizmatlarini uning mijozi bo‘lmasdan masofadan turib olish imkonini berdi.

O‘tgan yili bir qator O‘zbekiston banklari norezidentlar uchun hisobvaraq ochishga cheklovlar joriy qilgandi.


Avvalroq “Spot” Markaziy bank banklarga depozit niqobi ostida subordinatsiyalangan kreditlar berishni taqiqlashi haqida yozgandi.