6-fevral kuni ertalab Turkiya janubi-sharqida 7,8 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu mamlakatda 1939-yildan buyon yuz bergan eng kuchli zilziladir.
“Forbes” nashrining qayd etishicha, katta ehtimol bilan (78%) yetkazilgan zarar miqdori $1 mlrd.dan oshadi.
“Zilzilaning oqibatlari hali ham hisoblanmoqda, biroq Turkiyaning 14−15 mln kishi istiqomat qiladigan 10 viloyati bu kataklizmdan jabr ko‘rdi”, — dedi Zamonaviy Turkiya tadqiqotlari markazi katta tahlilchisi Yevgeniya Gaber.
“USGS” ma’lumotlari taxminiy iqtisodiy yo‘qotishlar Turkiya yalpi ichki mahsulotining 1−10%ini tashkil etishini ko‘rsatmoqda. Eng ko‘p jabr ko‘rgan viloyatlar aynan sanoat markazlariga to‘g‘ri keladi.
Zilzilaning Turkiya infratuzilmasiga ta’siri
Turkiyaning janubi-sharqiy qismidagi shaharlarda sezilarli vayronagarchilik yuz berdi: deyarli 6 ming bino vayron bo‘ldi, ayniqsa, transport infratuzilmasi zarar ko‘rdi.
Iskenderun portida yuzaga kelgan yong‘in har qanday yuk tashish operatsiyalarini cheklab qo‘ydi.
OAVda Boku-Tbilisi-Jayhon neft quvuriga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar haqida ma’lumot e’lon qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, magistral saqlanib qolgan va ishlashda davom etmoqda.
Biroq quvur operatori “Botaş International Anonim Şirketi” neftni quvurdan tankerlarga o‘tkazishni to‘xtatdi. Odatda, Jayhandagi terminal kuniga 650 ming barrel neftni qayta ishlagan.
Temir yo‘l transporti harakati deyarli to‘xtamadi, ayrim uchastkalar bundan mustasno.
Aviatsiyadagi vaziyat ancha qiyin edi. Zilziladan oldin, ya’ni 5-fevral kuni “Turkish Airlines” mamlakatning g‘arbiy va markaziy qismida qor yog‘ishi kutilayotgani sababli 170 ga yaqin reysni bekor qildi.
Turkiya janubi-sharqidagi aeroportlar orasida faqat bittasi zarar ko‘rgan. Yillik yo‘lovchilar soni 1 mlnga yaqin Hatay aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagi yarmiga yorilib ketgan. Shuningdek, Qahramanmarash va Gaziantep aeroportlari yopildi.
Jahon iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatadi
6-fevraldayoq jahon bozorida neft narxi ko‘tarila boshladi. Bunga Turkiyadagi zilzila va Iskenderun portida neft tashishning to‘xtatilishi asosiy sabab bo‘ldi.
7-fevral kuni o‘sish bir necha o‘n sentdan bir necha dollargacha tezlashdi: Brent nefti fyucherslari bir barreli uchun $2,70 ga ko‘tarilib, $83,69 ga, WTI fyucherslari esa $3,03 ga ko‘tarilib, barreli uchun $77,14 ga yetdi.
Aslida, neft narxining oshishiga bir vaqtning o‘zida bir nechta omillarning mos kelishi sabab bo‘lgan, deb yozadi “Bloomberg”.
Zilzilaning O‘zbekistonga ta’siri qanday
Iqtisodchi Otabek Bakirovning qayd etishicha, 2023-yilda Turkiya iqtisodiyoti 3% atrofida o‘sishi prognoz qilingandi. Endi o‘sish yo nol atrofida yoki xatto manfiy ham bo‘lishi mumkin.
Turkiya O‘zbekistonning eksport bo‘yicha uchinchi, import bo‘yicha beshinchi savdo hamkori hisoblanadi. O‘tgan yili O‘zbekistonning mamlakat bilan tashqi savdo aylanmasi $3,22 mlrd.ni tashkil etgan.
2022-yilda busiz ham eksport va import hajmi qisqara boshlagandi, deydi iqtisodchi. Zilzila oqibatida sanoat imkoniyatlari va iste’mol talabining qisqarishi ham eksportni, ham importni kamaytiradi.
Turkiya pul o‘tkazmalari hajmi va mehnat migrantlari bo‘yicha O‘zbekistonga sezilarli ta’sirga ega. Mehnat migrantlari soni bo‘yicha, kiruvchi va chiquvchi o‘tkazmalar umumiy hajmi bo‘yicha Rossiya va Qozog‘istondan keyingi o‘rinni egallaydi.
2022-yilning to‘qqiz oyida O‘zbekistonda o‘zlashtirilayotgan xorijiy investitsiya va kreditlarning 10%dan ziyodi yoki $700 mlni Turkiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2021-yilda mamlakatning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi $1,2 mlrd.dan oshgan.
Umuman, iqtisodchi Turkiyadagi zilzilani anomal sovuq va energetika inqirozidan keyingi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun navbatdagi “qora oqqush” deb hisoblash mumkinligini qayd etgan.