2021-yili “Kvarts"ning davlat ulushini ochiq kimoshdi savdosiga qo‘yish bo‘yicha davlat rahbarining farmoni qabul qilingandi.
O‘tgan yili Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi “UzAssets” investitsiya kompaniyasi “Kvarts"ning davlat ulushini xususiylashtirish jarayonini boshladi.
Kompaniya ustav kapitalidagi 89,78% ulushi sotuvga qo‘yilib, “Deloitte” kompaniyasi bitim bo‘yicha maslahatchi vazifasini bajarishi belgilangandi.
Agentlikning ma’lum qilishicha, “Quvasoysement” kompaniyasi “Kvarts” ustav kapitalidagi mazkur aksiyalar paketini 265 mlrd so‘mga sotib oldi.
Qayd etilishicha, “Quvasoysement"ga “Kvarts” korxonasining 47,2 mln yevro miqdoridagi kredit majburiyatlarini to‘liq qoplash yuklatilgan.
“Kvarts” aksiya paketini xususiylashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro jarayon natijalari Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasining tegishli qarori bilan ma’qullangan.
“Quvasoysement” yuqori sifatli mineral qo‘shimchali portlandsement, tarkibida gips va ohakli birlashtiruvchi aralashmalar, qovurg‘ali asbest sement listlar, keramik cherepitsalarni ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi.
Kompaniya O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi bozoriga qurilish materiallarining yirik yetkazib beruvchilaridan biri bo‘lib, kompaniyada sifat menejmenti tizimiga qo‘yiladigan talablarni tartibga soluvchi xalqaro ISO 9001−2000 standarti joriy etilgan.
Avvalroq, “UzAuto Trailer"ning 100% davlat ulushi Rossiyaning “Ximgrad” texnopolis sanoat parkiga 561,1 mlrd so‘mga sotilgandi.