Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 7,5% darajasida qoldirdi, deya xabar bermoqda regulyator matbuot xizmati.

Asosiy stavka darajasi besh oy davomida, 2022-yil 16-sentabridan beri o‘zgarmadi.

“Aholi va korxonalarning inflyatsion kutilmalari pasaydi, lekin yuqori darajada qolmoqda. Iqtisodiy faollik dinamikasi Rossiya bankining oktabr oyidagi prognozidan yaxshiroq”, — deyiladi xabarda.

Aholining iste’molchi xatti-harakatlarida hali ham ehtiyotkor bo‘lishiga qaramasdan, iste’molchi faolligining tiklanish belgilari mavjud.

Ta’kidlanishicha, budjet xarajatlarining jadal ijro etilishi, tashqi savdo shartlarining yomonlashuvi va mehnat bozori holati proinflyatsiya xavfini oshirmoqda.

Rossiya banki maqsadli ko’rsatkichga nisbatan inflyatsiyaning haqiqiy va kutilayotgan dinamikasini, iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish jarayonini, shuningdek, ichki va tashqi sharoitlar va moliyaviy bozorlarning reaktsiyasini hisobga olgan holda asosiy stavka bo‘yicha keyingi qarorlarni qabul qiladi.

Agar pro-inflyatsiya risklari kuchaysa, Rossiya banki keyingi yig‘ilishlarda asosiy stavkani oshirishning maqsadga muvofiqligini baholaydi.

Rossiya Bankining prognoziga ko‘ra, joriy pul-kredit siyosatini hisobga olgan holda, yillik inflyatsiya 2023 yilda 5−7%ni tashkil qiladi va 2024-yilda 4%ga qaytadi.

6-fevral holatiga ko‘ra, yillik inflyatsiya 2022-yil dekabrdagi 11,9%dan keyin 11,8%ni tashkil etdi.

Narxlar o‘sishining hozirgi sur’ati 2023-yil boshidan buyon tezlashmoqda. Inflyatsiya bosimining oshishi qisman o’zgaruvchan komponentlar, xususan, meva va sabzavotlar narxlari va 2022 yil oxirida sodir bo’lgan rublning zaiflashishi bilan bog’liq.

Shu bilan birga, barqaror komponentlar bo‘yicha narxlarning joriy o‘sish sur’atlari o‘rtacha darajada qolmoqda.


Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yillik 15% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovga ko‘ra, 2023-yilgi prognozlariga ko‘ra, joriy yilda inflyatsiya yillik 8,5−9,5%ni tashkil etishi kutilmoqda.