“Tumaris.Expo” startaplar ko‘rgazmasiga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi, deya xabar bermoqda “IT Park” matbuot xizmati.
Ko‘rgazma joriy yilning 11-mart kuni “Astrum” IT-Akademiyasida o‘tkaziladi hamda unda Markaziy Osiyo davlatlaridan 20 ta jamoa texnologik taqdimot bilan ishtirok etadi.
“Tumaris.Expo” ko‘rgazmasi texnologiya tadbirkorlari tomonidan innovatsion ishlanmalar va yangi mahsulotlarni keng auditoriyaga taqdim etish, Markaziy Osiyo hamkorligini yangi bosqichga ko‘tarish hamda jamiyatni rivojlantirish uchun mavjud imkoniyatlar haqida mintaqadagi ayollarni xabardor qilish maqsadida tashkil etilgan.
Unda xususiy va davlat sektorlari vakillari, venchur kapital fondlari va biznes farishtalar vakillari, xalqaro hamkorlar, yetakchi tadbirkorlar va ekotizimning boshqa ishtirokchilari ishtirok etadi.
Ko‘rgazmada quyidagilar kutilmoqda:
- texnologik tadbirkorlik yo‘nalishida ayollar salohiyatini oshirish imkoniyatlari bo‘yicha konferensiya;
- turli soha mutaxassislari bilan tanishuv;
- sovrinli tanlovlar va boshqalar.
Tadbirning batafsil dasturi bilan havola orqali tanishish mumkin.
Tadbir 10:00 dan 16:00 gacha o‘tadi. Buning uchun havola orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak. Joylar soni cheklangan.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida startap-batl o‘tkaziladi. Unda loyihalarni investorlar, tadbirkorlar va soha ekspertlariga namoyish etish mumkin.
10 ta eng yaxshi startap tomoshabinlar va hakamlar hay’ati oldida taqdimot uchun tanlab olinadi.
Startap-loyihalarga qo‘yiladigan talablar:
- IT komponentining mavjudligi;
- kamida MVP yoki sotishga tayyor mahsulotga ega bo‘lish.
Startap-batlda ishtirok etish uchun 25-fevralgacha havola orqali murojaat qilish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.
Avvalroq, “Silkway Accelerator” dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Uch oy davom etadigan dasturda ishtirok etish bepul bo‘lib, buning uchun arizalarni 17-fevralgacha yuborish kerak.