O‘zbekistonliklar “Volkswagen Slovakia” avtomobil ishlab chiqarish kompaniyasiga ishga jalb qilinadi.

Bu haqda O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi Abat Fayzullayev hamda Slovakiya Avtomobil sanoati assotsiatsiyasi prezidenti, zavodning tashqi aloqalar bo‘yicha direktori A.Matushek o‘rtasidagi uchrashuvda ta’kidlangan.

Muzokaralarda O‘zbekiston mehnat bozoridagi salohiyatli ishchi kuchini ish bilan ta’minlash, xorijiy davlatlarga xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish, mehnat migrantlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Natijada Slovakiya avtomobil sanoati sohasida o‘zbekistonliklarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuv amalga oshirildi.

A.Matushek “Volkswagen Slovakia” zavodi Slovakiyadagi eng yirik kompaniya va ish beruvchilardan biri ekanligini ta’kidladi. Kompaniyaning doimiy ishchilari soni 12 mingdan ortiq bo‘lib, butlovchi qismlar yetkazib beruvchi subkorxonalarda 50 mingga yaqin mutaxassis faoliyat yuritishi qayd etildi.

Kompaniya hozirda “Volkswagen Touareg”, “Audi Q7”, “Audi Q8”, “Porsche Cayenne”, “Porsche Cayenne Coupé”, “Volkswagen up”, “Volkswagen e-up” elektrokari hamda “Škoda Karoq” rusumidagi avtomobillarni ishlab chiqarmoqda.

Slovakiya Avtomobil sanoati assotsiatsiyasi prezidenti “Volkswagen Slovakia” 2023-yilda avtomobil ishlab chiqarish salohiyatini oshirmoqchi ekanligini hamda kompaniyaning yangi rivojlanish strategiyasiga asosan 1500 nafar ishchiga ehtiyoj mavjudligini ta’kidladi.

Mamlakatning avtomobilsozlik sektoridagi o‘sish tendensiyasi bir yilda qo‘shimcha 10 mingga yaqin mutaxassisni ish bilan ta’minlash imkoniyatini yaratmoqda.

Shuningdek, muzokaralar davomida mazkur sohadagi amaliy hamkorlikning birinchi bosqichi sifatida Slovakiya Avtomobil sanoati assotsiatsiyasi bilan Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolashga kelishildi.


Avvalroq, O‘zbekistonlik IT-mutaxassislar Singapurga ishga jalb qilinishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.