Avvalroq BAA hukumati tomonidan “Best Global M-Gov Award” global tanlovi o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.
Toshkentdagi Inha universiteti 3-kurs talabalari tomonidan ishlab chiqilgan “Don't Waste” startapi mazkur tanlovda 2-o‘rinni egalladi. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tanlovga 5 qit’adan jami 1000 dan ortiq arizalar yuborilgan. “Don't Waste” (“Isrof qilma”) loyihasi saralangan 45 ta loyiha qatoridan joy oldi va finalda qatnashdi.
“Don't Waste” — bu ortib qolgan, tashlab yuborilishi mumkin bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini sotish va hadya qilish orqali chiqindilarga qarshi kurash maqsadida yaratilgan innovatsion ilova.
U korxonalarga oziq-ovqat mahsulotlarini chegirmali narxlarda taklif qilish hamda foydalanuvchilarga ortib qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini muhtojlarga xayriya qilish imkonini beradi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, “Don't waste” jamoasi 500 ming BAA dirhami ($136 ming) miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Umuman, tanlov g‘oliblarini quyidagicha taqdirlash belgilangandi:
- 1-o‘rin uchun — 1 mln dirham BAA ($272 ming);
- 2-o‘rin uchun — 500 ming dirham BAA ($136 ming);
- 3-o‘rin uchun — 250 ming dirham BAA ($68 ming).
Avvalroq, Markaziy Osiyo mamlakatlari qizlari o‘rtasida o‘tkazilgan “TumarisHack” hakatonida O‘zbekistonning “Madagaskar” jamoasi g‘olib bo‘lgandi.