Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov hamda “O‘zbekneftgaz” rahbari Mehriddin Abdullayev OAV vakillari, blogerlar bilan ekspertlar bilan uchrashdi hamda jamoatchilik orasida muhokamaga sabab bo‘layotgan savollarga izoh berdi.

O‘zbekiston o‘zining barcha gaz va neft zaxiralariga oid eksklyuziv huquqni 35 yilga Rossiya kompaniyalariga bermaganligini qayd etdi vazir.

“Bu asossiz va noto‘g‘ri talqin qilingan ma’lumot. Ekspluatatsiyada bo‘lgan konlarning asosiy qismi „O‘zbekneftgaz“ kompaniyasida” — dedi Energetika vaziri.

Muhokama bo‘layotgan 35 yil faqat “Mustaqillikning 25 yilli” nomli gaz kandetsat konini o‘zlashtirishga, ishlatishga tegishli ekanligi ta’kidlandi.

Mazkur kon Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida joylashgan bo‘lib, u investorlarga 35 yilga daromadini 50/50 bo‘lish sharti bilan berilgan. Ya’ni gaz ishlab chiqarish boshlangach, daromadning 50%i O‘zbekistonga, qolgan 50%i esa investorlarga bo‘linadi.

Investorlar to‘liq o‘z hisobidan, davlat kafolatisiz, davlat budjeti va xarajatisiz ishlar olib borishi qayd etildi.

Mahsulot taqsimotiga oid bitim O‘zbekiston va investor tomon ya’ni uchta kompaniyadan iborat konsorsium tarafidan amalga oshirilgan: “Gas Project Development Central Asia AG”, (Shveysariya), “Altmax Holding Ltd” (Kipr) hamda “Uzneftegazdobicha” (davlat korxonasi).

Vazir nima uchun 35 yil, degan savol tug‘ilishi mumkinligini ta’kidlab, bunga ham, izoh berdi. Sababi, “M-25” koni bo‘yicha 35 yilning 8 yili geologik-qidiruv ishlarini amalga oshirishga ketadi. Shartnoma aynan hududda ishlarni oshirish bo‘yicha belgilangan.

Investorlar hududga investitsiya kiritadi hamda o‘zlashtirib ishga tushiradi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning nega aynan mazkur kompaniyalar tanlangani bo‘yicha ma’lumot berdi.

Garchi 1960-yillarda aniqlangan bo‘lsada, lekin sobiq SSSR vaqtida ham konni o‘zlashtirish imkoni bo‘lmagan. Mustaqillik yillarida konni o‘zlashtirish bo‘yicha takliflar ko‘plab xorijiy kompaniyalarga berilgan.

2006-yilda Malayziyaning “Petronas” kompaniyasi hamda Saudiya Arabistonining “Delta Oil” kompaniyalari mazkur konni o‘rganishga kirishgan.

Biroq, konning murakkab geologik tuzilishi, gaz tarkibida oltingugurt va uglevodorod oksidi miqdori yuqoriligi, iqtisodiy jihatdan past rentabelligi sababli yuqoridagi kompaniyalar 2013-yilda loyihadan o‘z ixtiyorlari bilan chiqishgan.

Shundan so‘ng, kon yana bir necha yil qarovsiz qolgan. 2017-yilga kelib, yuqoridagi investorlarga berilgan.


2022-yil noyabrida Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan “gaz ittifoqi"ni tuzish taklifi ma’lum bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari uning maqsadlari qatorida gaz tranziti va uni boshqa bozorlarga, xususan, Xitoyga yetkazib berishni muvofiqlashtirishi bo‘yicha yozdi.

Shundan so‘ng, Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakat gazni “alyans yoki ittifoq orqali” emas, balki shartnomalar bo‘yicha import qilish niyatida ekanini qayd etdi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa gaz yetkazib berishda “siyosiy shartlar” haqida gap bo‘lmasligini aytdi.

O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Aleksandr Novak Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar davom etishini ma’lum qilgandi. Yanvar oyiga kelib, O‘zbekiston “Gazprom” bilan hamkorlik qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ni imzoladi.

Shundan so‘ng, Energetika vazirligi bu bo‘yicha izoh berib, tomonlar o‘rtasida tuzilgan Ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarga va o‘rganishga kelishib olingani hamda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetga qandaydir tahdid yo‘qligi qayd etildi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston Rossiyadan gaz yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishni tezlashtirmoqchili va ikki mamlakat energetika vazirlari uch tomonlama uchrashuvda bu bo‘yicha “Gazprom” bilan kelishib olgani haqida xabar berilgandi.