Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy sohalarga mas’ul rahbarlarni qabul qildi hamda muhim vazifalar muhokama qilindi.
Unga ko‘ra, joriy yildan, o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasbga o‘rgatish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining eng ustuvor vazifasi bo‘lishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, oliy ta’lim tizimi ham o‘zgarishi kerak. Institut va universitetlarning faoliyatini isloh qilib, malakali kadrlar tayyorlash, ilm bilan ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Bu yil ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trln so‘m ajratiladi. Mablag‘larni suv va energiyani tejash, tuproq unumdorligi va hosildorlik, geologiya, sanoat, qurilish kabi yo‘nalishlarda ilmiy asoslar yaratishga sarflash zarurligi qayd etildi.
Madaniyat va tabiat maskanlarini targ‘ib qilib, turistlarga sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Shuningek, sog‘liqni saqlash sohasida “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” umummilliy harakati boshlanishi ma’lum qilindi.
Tibbiyot ta’limiga xorijiy tajribani joriy qilish, tizimni raqamlashtirish va tibbiy sug‘urtani yo‘lga qo‘yish orqali xizmat sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Aholini qiynab kelayotgan onkologik, yurak-qon tomir va endokrin kasalliklar bo‘yicha erta o‘limni keskin kamaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Avvalroq, bitiruvchilari ishga kirmagan nodavlat OTMlar faoliyati tugatilishi mumkinligi hamda bu bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri rektor va mas’ul prorektorlarni ogohlantirgandi.