Turkiya kompaniyasi Farg‘onada quyosh fotoelektr stansiyasi quradi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligining matbuot xizmati.
Bu bo‘yicha viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamda Turkiyaning “Alarko holding Altek” kompaniyasi bosh direktori Hakan Aytekin o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgan.
Unda Farg‘onada quyosh fotoelektr stansiyasini qurish va mazkur loyihaning moliyaviy jihatlari muhokama qilindi.
Kompaniya bosh direktori Turkiyada 1000 MVtli loyiha ustida ish olib borilayotgani haqida to‘xtalib, agar zaruriy sharoitlar yaratilsa, kompaniya tomonidan mazkur tajriba asosida Farg‘onada ham mazkur loyihani amalga oshirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Bildirilgan mazkur taklif har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi hamda viloyatning Beshariq, O‘zbekiston va Farg‘ona tumanlaridan loyiha uchun mos joylar bilan tanishtirish uchun mas’ullar biriktirilishi ta’kidlandi.
Bu bo‘yicha birinchi navbatda loyiha uchun hududlarda joy aniqlash, shundan so‘ng, birgalikda olib boriladigan sa’y-harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishildi.
Avvalroq “Spot” Farg‘ona IEMda 2 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushurilgani haqida yozgandi. Loyiha “On-Grid” rejimida ishlaydi va yiliga qo‘shimcha 5 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Joriy yilda O‘zbekistonda umumiy quvvati 2910,6 MVt bo‘lgan 7 ta elektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Pop va Farg‘ona tumanlarida 600 Megavattli 2 ta quyosh stansiyasi quriladi.
Avvalroq, prezident Toshkentni energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.