Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
Xususan, hujjat bilan Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etildi.
1-martdan nazorat tadbirlarini amalga oshirishda tafovutlarni aniqlash maqsadida O‘zenergoinspeksiyaga “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Hududgazta'minot”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “O‘ztransgaz"larning elektr energiyasi va tabiiy gazni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlaridagi yoqilg‘i-energiya resurslari iste’moli to‘g‘risidagi ma’lumotlarni monitoring qilish imkoniyati yaratiladi.
1-iyuldan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan elektr energiyasi hamda tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar elektr va gaz ta’minoti korxonalarining dasturiy ta’minoti yoxud “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali elektron raqamli imzodan foydalangan xolda tuziladi.
Shuningdek, elektr energiyasi, gaz hamda vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish orqali talon-taroj qilish holatlarini o‘g‘rilik jinoyati sifatida belgilash tartibi kiritilmoqda.
“O‘zenergoinspeksiya"ga elektr energiyasi va gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish (mansabdor shaxslarga nisbatan) vakolati beriladi.
1-iyunga qadar bino va inshootlar hamda ulardan foydalanish turlariga ko‘ra muqobil energiya, tabiiy gaz, elektr energiyasi, irrigatsiya, ichimlik suv va oqava suvlar sarfining standart hajmlarini qat’iy belgilaydigan mezonlar tizimga joriy etiladi.
Bundan tashqari, Bosh prokurorning yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan o‘rinbosari lavozimi tashkil etiladi.
Yanvar oyida davlat rahbari energiya resurslari ta’minoti bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda sohalar hamda hudud rahbarlarini tanqid qilgandi. Shuningdek, “gaz zapravkalari"dagi o‘g‘irliklar bo‘yicha tartib o‘rnatilishini belgiladi.
AYoQShlarga yetkazib berilgan AI-80 avtobenzin to‘g‘risidagi ma’lumotlarni onlayn kuzatib borish imkoni yaratiladi.