Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov BAA kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Xususan, “IFFCO Group” kompaniyasi direktori Shiraz Allana bilan o‘tkazilgan uchrashuvda qishloq xo‘jaligi va kimyo sanoati sohalarida qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi.
Kompaniya pomidor yetishtirish va qayta ishlashning to‘liq siklini nazarda tutuvchi, O‘zbekistonda eksportga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Bundan tashqari, kompaniyaning shaxsiy gigiyena va sintetik yuvish vositalari segmentidagi tajribasini hisobga olgan holda, Chirchiqdagi kimyo sanoat parki negizida mazkur mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihani birgalikda tashkil etishga kelishildi.
“Masdar” kompaniyasi bosh direktori Mohammed Jamil al-Ramaxi bilan o‘tkazilgan muzokaralarda yashil energiyani rivojlantirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘tgan yil oxirida kompaniya O‘zbekistonda uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender g‘olibining biri bo‘lgandi. “Masdar” kompaniyasi Buxoroda 250 MVt quvvatga ega loyihani qurish va unda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining bir kilovatt-soati uchun 3 AQSh senti miqdorida taklif bildirgandi.
Shuningdek, kompaniya Navoiyning Tomdi tumanida shamol elektr stansiyasini qurish ishlarini olib bormoqda. 500 megavatt quvvatga ega Zarafshon shamol elektr stansiyasi quradi.
Bu “Masdar"ning viloyatdagi ikkinchi loyihasi bo‘lib, o‘tgan yili Karmanada quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirgandi. Zarafshon shamol elektr stansiyasi “Project Finance International Awards” tomonidan Markaziy Osiyoda yilning eng yaxshi bitimi deb topilgan.