Malayziyaning Perlis shtatidagi “Wang Kelian” tepaligida “O‘zbekiston” turistik yo‘nalish ko‘rsatkichi o‘rnatildi, deya xabar bermoqda Turizm va madaniy meros vazirligining matbuot xizmati.
Nepal, Bruney, Kanada va boshqa davlat ko‘rsatkichlari bilan bir qatorda o‘rnatilgan O‘zbekiston ko‘rsatkichiga “Wang Kelian” tepaligidan O‘zbekistongacha bo‘lgan masofa 5,218 km ekanligi qayd etilgan.
2022-yilda ikki mamlakat o‘rtasida ziyorat turizmini rivojlantirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun mamlakatlar o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish va narxlarni muqobillashtirish masalasi ilgari surilgani qayd etiladi xabarda.
2021-yili mamlakatning “Malaysia Airports Holdings Berhad” kompaniyasi O‘zbekistondagi aeroportlarning xususiy sheriklik shartlari asosida boshqarilishiga katta qiziqish bildirayotgani haqida ma’lum bo‘lgandi. 2022-yilning oktabriga kelib, kompaniya Buxoro xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarishi mumkinligi haqida xabar berildi.