Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda umumiy quvvati 2000 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini quradi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mamlakatning “CEEC Energy China” kompaniyasi bilan mazkur quyosh fotoelektr stansiyalarini Qashqadaryo, Buxoro va Samarqand viloyatlarida qurish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonga $2 mlrd miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritadi.
Stansiyalarning ilk quvvatlari joriy yil yakuniga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. 2024-yilda esa to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi.
Natijada yiliga 5,2 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 1,4 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishilishi qayd etilgan.
O‘tgan yili Xitoyning “GD Power — Powerchina” konsorsiumi Namanganda 150 MVt quvvatga ega loyiha uchun ishlab chiqarilgan bir kilovatt-soat elektr energiyasini 4,8 AQSh sentida yetkazib berish taklifi bilan g‘olib bo‘lgandi.
Biroq, bu taklif qimmat deya hisoblanib, qayta ko‘rib chiqilishi ta’kidlangandi.
Avvalroq, Turkiyaning “Alarko holding Altek” kompaniyasi Farg‘onada quyosh fotoelektr stansiyasini qurishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Shuningdek, joriy yilda O‘zbekistonda umumiy quvvati 2910,6 MVt bo‘lgan 7 ta elektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Xususan, Sirdaryo, Navoiy, Surxondaryo, Samarqand va Jizzaxda 1 ta IES, 1 ta shamol, 3 ta quyosh va 2 ta GES ishga tushirilib, yagona elektr tarmog‘iga ulanadi.